Ramazon oyi muborak bo‘lsin!

Ertaga, 13 apreldan yurtimizda ezgulik va ma’naviy poklik, saxovat va mehr-shafqat, qanoat hamda shukronalik ramzi bo‘lgan muborak Ramazon oyi boshlanadi.

Ushbu qutlug‘ oyning jamiyatimiz hayotida tinchlik-barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizning diniy-ma’naviy qadriyatlarini asrash va rivojlantirish borasidagi ahamiyati hisobga olingan holda hamda uni har tomonlama munosib o‘tkazish maqsadida yaqinda davlatimiz rahbarining qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatda bu muborak oyda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar belgilab berildi.

2020 yil pandemiya sababli masjidlarda taroveh namozlarini jamoat bilan ado etish imkoniyati bo‘lmagan edi. Bu yil esa viloyatimizdagi 288 masjidda taroveh namozi ado etilmoqda. Jumladan, 144 masjidda Xatmi Qur’on boshlanfdi.

Lekin hali yurtimizda, umuman, dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq murakkab vaziyat saqlanib turgani sababli yurtdoshlarimizdan karantin qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz. Masjidda ham namozxon birodarlarimiz tibbiy niqobda bo‘lishlari, oraliq ijtimoiy masofa saqlashlashlari va antiseptik vositalardan foydalanishlari lozim. Iftorlik marosimlarini ham o‘z oilalari davrasida, yaqinlari ishtirokida ixcham tarzda o‘tkazishlari maqsadga muvoqiligini eslatib o‘tmoqchimiz.

Ramazon oyining fazilatlari haqida muqaddas kitoblarimizda, diniy-ma’rifiy suhbatlarda juda ko‘p ibratli fikrlar bayon etilgan. Bundan xalqimiz yaxshi xabardor. Shunday bo‘lsa-da bu muborak kunlarda xalqimizni, xususan yoshlarimizni ezgu ishlarga boshlash va turli yomon yo‘llardan qaytarish, ular qalbida mehr-muruvvat, bag‘rikenglik, shukronalik singari xislat va fazilatlarni uyg‘otish maqsadida Samarqand televideniyesi orqali har kuni saharlik chog‘ida “Saharlikda baraka bor” va  iftorlik vaqtida “Ramazon tuhfasi” nomli diniy-ma’rifiy ko‘rsatuv tayyorlab efirga uzatish rejalashtirilgan. Shuningdek, har kuni saharlik vaqtida Zarnews.uz va Sammuslim.uz telegram kanallari orqali ham ma’rifiy suhbatlar xalqimizga taqdim etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakilligi va barcha imom-xatiblar nomidan viloyatimiz ahlini kirib kelgan Ramazon oyi bilan muborakbod etamiz. Alloh taolo bu oyning fazilatlaridan har birimizni bahramand aylasin!

Zayniddin Eshonqulov,

viloyat bosh imom-xatibi.