Ramazon – vujudni poklash oyi

Qadimgi misrliklar o‘z bayramlarida ro‘za tutganlar. Xitoyliklar ba’zan oddiy kunlarda ham ro‘zador bo‘lishgan. Ayniqsa, boshlariga tashvish tushgan kunlari ro‘za tutish bilan o‘zlarini ovutganlar. Tibetda yashaydigan xitoyliklarning ba’zi toifalari yigirma to‘rt soatlab ro‘zador bo‘lishadi.

Yunonliklar ro‘za tutish odatini qadimgi misrliklardan o‘rganganlar. Ular ko‘proq ayollarni ro‘za tutishga da’vat qilgan.

Rimliklar va italiyaliklar dushman bostirib kelganda g‘alaba qozonish uchun ro‘za tutgan. Yahudiylar ham qayg‘u va mashaqqatli, xavfu xatar paydo bo‘lgan kunlari ro‘za tutadilar. Muso alayhissalom yilda qirq kun ro‘za tutgan.

Masihiylar payg‘ambari Iso alayhissalom ham payg‘ambar bo‘lishidan ilgari yilda qirq kun ro‘za tutar ekan. Iso alayhissalom yahudiylar kabi gunohlarini yuvish uchun bir kun ro‘za tutib berishni farz qilib olgan edilar.

Islom ham musulmonlarga ro‘za tutishni farz qiladi. Ro‘za farzlarining dalillari:

Qur’oni Karimda Alloh taolo shunday degan: "Ey, iymon keltirgan bandalar, sizlardan ilgari o‘tgan xalqlarga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutmoqlik farz qilindi. Shoyad ro‘za tufayli gunohlardan tiyilsalaringiz. Ro‘za sanoqli kunlardir" (Baqara surasi, 183, 184-oyatlar).

"Ramazon oyi shunday oyki, unda odamlarni hidoyatga boshlaguvchi, hidoyat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi oyatlarni o‘z ichiga olgan va haqu nohaqni ajratib beruvchi Qur’on nozil bo‘lgan. Ramazon oyiga yetishgan kimsa o‘sha oyda ro‘za tutsin". (Baqara surasi, 185-oyat).

Ro‘za haqida Imom Buxoriy o‘z hadislarida rivoyat qiladilar: "Ro‘zani oy ko‘rgan kuningizdan boshlab tutinglar va yangi oy ko‘rishingiz bilan ro‘za tutishni to‘xtatinglar".

Mazkur oyat va hadislar Ramazon oyida ro‘za tutishning farz ekanligidan dalil va hujjatdir.

Ro‘zaning qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar, undan asosiy maqsad ko‘ngilni musaffo qilish va vujudni poklab olishdir.

Said-Jamol Mir-Ja’farov,

sharqshunos, arabshunos olim.