Raqamli televideniye asabbuzarlikmi?
Hayron bo‘lmang, ikki yil davomida biz ana shunday xulosa chiqarishga majbur bo‘ldik. “O‘zbektelekom” Samarqand filiali xodimlari taklifiga ko‘ra tahririyatga optik tolali sim tortib kelindi va IPTVga ulandik.
To‘g‘risi, o‘sha kundan buyon televizor yaxshi ishlamaydi. Biz dastlab ishning boshlanishida bo‘ladi-da, deb o‘yladik. Lekin ahvol o‘zgarmadi, usta chaqiraverib ovora bo‘ldik, oxiri chaqirmay ham qo‘ydik. “Usta”lar TATU Samarqand filiali talabalari ekan. Arzon kuch ishlatishayaptimi, demak ularda mutaxassis yetishmaydi yoki maoshi kam. Vaholanki, biz har oyda bu xizmatlar uchun 72 000 so‘mdan to‘laymiz.
Gap faqat bizning tahririyat haqida bormayapti, bu xizmatdan foydalanuvchilar bizga har kuni nosozlik haqida shikoyat qilishayapti.
Savol tug‘iladi: agar mutaxassisi yo‘q bo‘lsa, simlar yaroqsiz bo‘lsa, zamonaviy uskunaga pul yetmasa, bu tizimni nega yo‘lga qo‘yishdi? Eng yomoni, shunday sharoitda ham bu tizim faoliyati ustidan monitoring yuritilmaydi. Aniqroq qilib aytsak, texnik vaziyat nazorat qilinmaydi. Natijada televizor kun bo‘yi har 5-10 daqiqada “signal yo‘q” degan titrni ko‘rsataveradi. “O‘zbektelekom” hududiy filiali rahbarlarining esa parvoi palak, bu xizmat uchun ularga pul tushib tursa bas. Yuqori tashkilotga xat berganmiz, o‘rganib chiqishayapti, deyishadi.
Bizga kim javob beradi - IPTV Samarqand ahli uchun asabbuzarlikmi?