RASMAN: 22 dekabrdan O‘zbekistonda «Dok-1 MAKS» tabletka va sirop dori vositalarining savdosi to‘xtatildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi dorixonalardan xarid qilingan «Dok-1 MAKS» tabletka va sirop dori vositalarini qabul qilgandan so‘ng bemorlarda turli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining ma’lum qilishicha, ushbu vaziyat darhol nazoratga olingan. Bemorlar ahvolini o‘rganish va holat sabablarini aniqlash maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzilgan.
Uning tarkibiga agentlik hamda Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazining malakali mutaxassislari kiritildi.
Samarqanddagi dorixonalardan xarid qilingan Hindistoning «Marion Biotech Pvt. Ltd» kompaniyasiga tegishli «Dok-1 MAKS» tabletka va limon va asal ta’mli sirop dori vositalari o‘rnatilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Laboratoriya tahlillari yakunlangach, uning natijalari haqida e’lon qilinadi.
22 dekabrdan «Dok-1 MAKS» dori vositalarining yurtimizdagi savdosi vaqtincha to‘xtatildi va bu haqda «Quramax Medical» MChJ tomonidan realizatsiya qilingan tashkilotlarga xabar yuborildi.