Rasman: Serdar Berdimuhamedov Turkmanistondagi prezident saylovlarida 72,97 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi

12 mart kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezident saylovida Serdar Berdimuhamedov saylovchilarning 72,97 foiz ovozini to‘plab, Turkmanistonning keyingi yetti yillikdagi prezidenti etib saylandi.

Saylovda Turkmaniston aholisining 97,17 foizi ishtirok etgan. Serdar Berdimuhamedovning inauguratsiyasi 19 mart kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Turkmaniston parlamenti oliy palatasining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tgan edi. Unda Gurbanguli Berdimuhamedov davlat boshqaruviga yoshlar kelishini, o‘zi esa Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini Turkmaniston taraqqiyotiga sarflashini ta’kidlagan edi.