Rassom uchun asarlari gapiradi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Samarqand bo‘limi, viloyat “Nogironlar” va “Nogiron ayol” jamiyatlari hamda Samarqand shahar madaniyat bo‘limi hamkorligida Samarqand shahridagi “Chorsu” galeriyasida “Oltin mo‘yqalam” ko‘rgazmasi tashkil etildi.

“Ustoz-shogird” an’anasi asosida tashkil etilgan ko‘rgazmada Samarqandning taniqli rassomi Said Soliyev va uning iste’dodli shogirdi Manuchehr Ahtamjonovlarning badiiy ijod va tasviriy san’at asarlari namunalari namoyish etildi.

S.Soliyev chizgan rasmlarni tomosha qilar ekansiz, rassom yaratgan har bir asarida uning borliqqa bo‘lgan munosabati, o‘y-fikrlari, dunyoqarashi aks etganiga guvoh bo‘lasiz. U ijodida qaysidir ma’noda o‘zini va o‘zligini, dunyoni qanday ko‘rayotganini va qanday ko‘rmoqchi ekanligini namoyon etadi. Tomoshabin esa ushbu kartinaga o‘z dunyosidan kelib chiqib nigoh tashlaydi. Shuning uchun ham yaratilgan asarlar turlicha talqin qilinadi, har ko‘rganda yangicha jilolanaveradi. Shu bois ham rassom uchun asarlari gapiradi, deyishadi.

Yosh rassom M.Ahtamjonov qog‘ozga muhrlagan rasmlarda ham o‘zgacha falsafa mujassam. U atrofdagi voqelikni ko‘ringanidek emas, balki bundan chiqarilishi lozim bo‘lgan xulosa bilan birgalikda ifodalashga intilgan. Asarlarida natyurmort bilan birga insonlar hayoti, turmush tarzi, milliy qadriyatlarga munosabat yaqqol seziladi.

Ko‘rgazma 1 noyabrgacha davom etadi.

Akram BO‘RIYeV.