Redaksiyada ishlagan kunlarimni qumsayman
1983 yilda o‘rta maktabni bitirganimdan keyin, bolalik orzuim, Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiyasida o‘qish uchun shu fakultetga hujjat topshirdim. Kunduzgi bo‘limga o‘qishga kira olmay, kechgiga kirdim. Shu sababli kunduzi viloyat “Lenin yo‘li”(hozirgi “Zarafshon”) gazetasida musahhih yordamchisi, musahhih, muxbir, maxsus muxbirlik ishlarida faoliyat ko‘rsatganman. Erta-yu kech kunim redaksiyada, uning kutubxonasida o‘tardi.
Bir kuni bosh muharrir Ahmadjon Muxtorov meni oldiga chaqirib, kotiba Shoira opaga gazetaning urush davriga oid taxlamini olib kelishni aytdilar. Gazeta hajmi kichkinagina, bir varaqqina bo‘lib chiqqan ekan urush vaqtlari. Ahmadjon aka “Urush vaqtida gazetada urush orti mehnatining yoritilishi” mavzusida maqola yozishimni bildirdilar.
Taxlamdagi gazetalar ellikta yo chiqadi, yo chiqmaydi. Sharillatib boshdan oxir o‘qib, keraklilarni belgilab, maqolani boshlab, uch varaqdan ortiq qo‘lyozma yozib, Shoira opaga ko‘chirishga berdim. Opa yozganlarimni terib, bosh muharrirga olib kirdi. Ahmad aka meni chaqirib: “Bahodirxon, bugundan boshlab endi "sirtqi"da o‘qiysiz. Bundan keyin “Gazetaning universiteti”da o‘qiysiz. Bekorchi ish bilan ko‘chaga chiqish yo‘q. Qanday kitoblar o‘qilayotganini hisobini o‘zimga berasiz. Nima yordam bo‘lsa, uyalmaysiz. Biz sizga ishondik... Nima yozsangiz to‘g‘ri o‘zimga olib keling, kelishdikmi?”, dedi.
Menga gazeta mas’ul kotibi o‘rinbosariga yordam berishim ham belgilandi. Mas’ul kotib Habib Temirov, o‘rinbosar Hamza Shukurov edi. O‘sha vaqtlar tahririyatni nafaqat ishxona, uy desak ham bo‘lardi. Chunki gazeta haftasiga besh marta chiqardi. Yarim kechasi soat bir-ikkilarda “Teletayp” degan tuynuk yopilsa, bu Moskva ruxsat berdi degani, shundan keyin gazeta bosmaxonaga topshirilardi. Ungacha o‘sha son navbatchi musahhihlari-yu ularni yordamchilari, navbatchi muharrir-u ishga tegishli hamma xodim ishxonada bo‘lardi.
Bizga o‘xshagan bo‘ydoqlar har kuni navbatchi, o‘z hohishimiz bilan, albatta. Hamza Shukurov bilan birga ishlarni yakunlab, qo‘shilib uylariga ketgan kunlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Musahhih va mashinistkalar - Jamila opa, Sanoat opa, Nasiba opa biz tengilarga bolalariga qaragandek qarar, musahhihlikning sir-asrorlarini o‘rgatardi.
“Zarafshon” gazetasi muharriri Farmon Toshev bilan yaqinda Toshkentda, Yozuvchilar uyushmasida suhbatlasharkanmiz, hademay gazetaning 110 yillik to‘yi bo‘lishini aytib qoldi. “To‘yga to‘yona deganday, gazetada ishlagan paytlaringizdagi xotiralarni qog‘ozga tushirib, bizga jo‘natsangiz”, dedi. Bir vaqtlar senga so‘z nima, gap tuzish, fikr aytish nima ekanligini, fikr ortida jon bo‘lishi kerakligini, gazetadagi so‘z, yoziq, toshga o‘yilgan bitik, u abadga qoladigan narsa ekanligini, yozgan odamning ilmi, fahmu farosatini ko‘rsatib turishini uqtirgan, qo‘lingga qalam tuttirganlardan biri shunday desa, boshqacha bo‘lib ketarkansan kishi. Esimda: talabalik, ijarachilik davri, ichmasak-da, chekmasak-da kitobga bo‘lgan muhabbat, kitob sotib olishga bo‘lgan qiziqish ortida yetmish so‘mlik oylik yetmasdi. Yana undan bo‘ydoqlik solig‘i olib qolinadi. Tahririyatda erkin pul so‘rashimiz mumkin bo‘lgan akalar bor edi. Hatto uyalmasdan qarzni qaytarmas edik ham. Shunday akalar Sulaymon Husainov, Adham Hayitov, Jamol Tursunov, Aziz Yo‘ldoshev, Farmon Toshev edi.
Shuningdek, hikoyalar, she’rlarimizni qo‘limizdan olib shundoq “nomer”ga tushirib yuborgan Erkin Azamatov, adabiyotning vazifasi nima ekanligini erinmay o‘rgatgan Iso Abdurahmonning bolaligida Qrimdan quvg‘in qilinganlarida, hovlilaridagi o‘choqlarida qolib ketgan qumg‘onning qaynab qolganini, uni borib o‘tdan olishgayam ruxsat bermaganlarini ko‘p bor eshitgan bo‘lsam-da, u kishiga yana aytib bering, deb xonasiga kirganlarim bir-bir ko‘z oldimdan o‘tdi.
Yana xotiralarga cho‘maman: “Lenin yo‘li” gazetasi sababli xalq deputatlari viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasining “Davlat tili haqidagi qonunini amalga oshirish va nom qo‘yish komissiya”siga mas’ul kotib bo‘llgandim. “Sharqqa sharqonalik yarashadi” otliq maqolamiz gazetaning 1989 yil 2 fevral sonida chop etilgan. Hafta-o‘n kun o‘tib, jurnalist, ustoz Abdurayim Ubaydullayev viloyat ijroqo‘miga chaqirdilar. Xonasidamiz. Maqolani kulib-kulib o‘qidilar. Bir vaqt telefon jiringladi. U kishini chaqirishdi, meniyam birga yurasiz, viloyat ijroqo‘mining raisi Toshbo‘ri Qilichev chaqiryapti, dedilar. Birga chiqdik. Rais bovayam kulib-kulib gazetaga ko‘z tashlagan bo‘ldi-da Abdurayim akaga “Qalay, ishlashib ketasilarmi”, deb so‘radi. “Ha”, degan javobdan so‘ng: “Tushdan keyin buyruqqa qo‘l qo‘yay, o‘zingiz tayyorlang. Siz, yigit, endi gazetada ko‘rsatgan kamchiligu muammolarni o‘zingiz to‘g‘rilaysiz, muammo bo‘lsa aytasiz, - dedi va Abdurayim akaga yuzlandi. - Yigitni bugunoq gazetadan ko‘chirib kelinglar. Redaktorni menga ulanglar. Ko‘zi chaqnab turibdi, bu yigit eplaydi, tog‘ning bolasi ekan...”.
Keyin o‘zi chorvador bo‘lganligi uchun menga shu sohadan bir-ikkita savol berdi, qarsillatib tashladim. “Ana, chorvaniyam tushunar ekan, bundan keyin hamma yozuv-chizuvingizni qo‘shilib o‘rgansin...”
Yozgan maqolamdan ikki band keltiraman:
“Samarqand shahar soveti ijroiya komitetining toponomik komissiyasi nomigagina tuzib qo‘yilgan, ularning ishi sezilmayapti. Qishloq rayonlarida esa hatto ayrim ijrokom xodimlari ajablanib “bu qanaqa komissiya” deyishadi. Nomlar qo‘yishdagi qashshoqlik ehtimol, tarix va madaniyatimiz haqidagi chuqur ma’lumotga ega emasligimizdadir.
Insoniyatga ong va til bitib, jamoa bo‘lib yashay boshlagandan buyon turar-joyning atrof-geografiyasini, ekzotik jihati, atoqli kishisi, ba’zan esa urug‘ nomi bilan atalgan. Bizda esa hatto o‘sha insoniyat sivilizatsiyasining ilk bosqichidagidek donishmandona fikr yuritishdan voz kechilmoqda. Nega shunday?”.
Men bu voqelarni nima uchun keltiryapman. Demoqchimanki, u vaqtlar kattalar gazeta o‘qirdi, gazetaning o‘rni bor edi, o‘qimishli, ziyolining kuni gazeta bilan boshlanardi. Gazeta ushlaganning hurmati bor edi.
Shundan keyin ko‘p o‘tmay Samarqand shahrining asosiy maydoniga asl oti Ko‘ksaroy qaytdi. Unga kelar katta ko‘chalar va uning atrofida aylanar ko‘chalar o‘z egalarining, yarashiliq otlar bilan ataldi. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Bobur, Mironshoh mirzo, Shohruh mirzo, Husayn Boyqaro, Shohjahon mirzo, Mahmud Koshg‘ariy, Mahmud Zamahshariy, Amir Kulol, Yalangto‘sh Bahodir, Nodirabegim, Mahtumquli, So‘fi Olloyor, Temur Malik, Mir Said Baraka, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Yusuf Hamadoniy, Jaloliddin Manguberdi...
Shahardagi eng uzun va katta Frunze oti bilan yuritilgan ko‘chaning nomi o‘zgartirilib, Amir Temur qo‘yilganligi gazetada e’lon qilinishi bilan tushga yaqin Samarqand shahar kommunistik partiyasi komiteti (gorkom)ning birinchi sekretari imzosi bilan “Bu bosqinchining oti Samarqandga munosib emasligi, ko‘chada joylashgan “Krasniy dvigatel” zavodi ishchilari norozi ekanligi va hokazo bitilgan telegramma ham olganmiz”. Menda turibdi. Zavod ishchilari plakatlar ko‘tarib chiqqanlariyam bor gap. Oradan ikki qovun pishig‘i o‘tmay o‘sha telegrammaga bosh-qosh bo‘lganning amaldorlardan biri etib tayinlanganligini haligacha tushuna olmayman...
Baribir redaksiyada ishlagan kunlarimni qumsayman. “Maktabni endi bitirib kelgan yigitcha bunday o‘tkir maqolalarni o‘zi yozishi mumkin emas, bir joydan ko‘chirib kelyapti”, deganlar ham yo‘q emasdi. Shunday savollarga tutilgan kunlarning birida men “Viktor Xara” degan odamning kimligini bilmay qoldim. Savol bergan odamning dimog‘i chog‘ bo‘ldi. Koridorni o‘rtasida sigaretini buruqsitib, “Ya ji skazal, on pustozvon”, dedi. Shunda Habib aka “Viktor Xarani bilish-bilmaslik hech narsani belgilamaydi”, degancha meni qo‘llab-quvvatladi. O‘sha koridor, o‘sha qiya ochilgan eshik, ochiq eshikdan tushib turgan yorug‘lik, yorug‘lik va qorong‘ulikning kesishgan joyi, hamma-hammasi ko‘z o‘ngimda. Habib akaning “Bundan keyin birov savol bersa javob bermang, kimning savol bergisi kelsa meni oldimga kelsin”, deganlari va xonaga kirishimni ko‘z bilan buyurganlari ham kechagidek yodimda.
Bugun o‘sha damlarni, birga ishlashganlarni, yarim kechasi qattiq nonni bo‘lishib yeganlarimizni sog‘inaman. Xolmuhammad Nurillayev bilan u kishining eski mashinasida tumanlarga chiqib, maqola qilib kelgan kunlarni, suratchilar G‘ulom Aliyev, Zoir To‘raqulovga plyonka yuvishlariga yordam berishni, Normuhammad Sayfiddinovning uylarida ijara turmasdan oldin ko‘ringandan salom bergan odam ijarada turgandan keyin pulini to‘lolmay, salom ham berolmay chekkalab yurilgan kunlarni, Amrillo Ahmedovdan arizachilar bilan qanday suhbatlashish o‘rganilgan kunlarni qumsayman.
Bahodir QOBUL.