Registondagi diydor askar onalariga kutilmagan sovg‘a bo‘ldi

An’ana tusiga kirgan uchrashuvning bu galgi ishtirokchilari harbiy xizmatni azim Buxoroda o‘tayotgan o‘g‘lonlar  va ularning onalari bo‘ldi.
Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan "Askar onalariga ehtirom" shiori ostida tashkil etilgan uchrashuv qatnashchilari Registondagi diydorlashuvdan so‘ng Birinchi Prezidentimiz I.Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar. Bir piyola choy ustida kechgan suhbatda askarlarning bugungi yashash tarzi, ularga qo‘yilayotgan talablar xususida so‘z bordi. 
– Nafaqat harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar, balki ularning onalari, yaqinlariga ham bugun alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi Samarqand viloyat hududiy bo‘limi raisi M.o‘afurova. – Harbiy xizmatni o‘tab kelgan yigitlar o‘sha oilaning faxriga aylanib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun yetarli sharoitlar yaratilayotir. Shuning uchun bugun onalar harbiy xizmatdagi o‘g‘illaridan ko‘ngli xotirjam, ularning muvaffaqiyatlaridan qalbi g‘ururga to‘lib gapiradi. 
O‘g‘lining Vatan haqidagi she’rini katta zalda eshitib, qalbi faxrga to‘la oqdaryolik Feruza opaning ko‘zlaridan yosh chiqdi. "Dadasi, o‘g‘limizning o‘zgarganini sezdingizmi?", deydi nigohi porlab turmush o‘rtog‘iga. Askar kiyimlarini silab-silab qo‘yadi Toyloqdan kelgan Zamira opa Toshtemirova o‘g‘lining bo‘y-bastiga tikilarkan. 
– Taqdir ekan, o‘g‘lim bu dunyoni erta tark etdi, – deydi Samarqand tumanidan kelgan Halima Qurbonova. – Shuning uchun nevaram Ahmadjonni o‘zim o‘stirdim. U dadasi hayot paytidayoq "Dadajon, men albatta harbiy bo‘laman", deb aytardi. Ulg‘aygach ham shu gaplarini unutmagan ekan, poytaxtimizda harbiylikka ixtisoslashgan maktabda tahsil oldi, hozir Buxoroda harbiy xizmatni o‘tayapti.
Samimiy izhorlar, quvonch yoshlari, ko‘ngildagi faxr, g‘urur, hayajon, esdalik suratlari – uchrashuv shunday lahzalarga boy o‘tdi.