Rejalar katta, vazifalar ko‘p. kamchiliklar ham yo‘q emas
"Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi M.Boboyorov, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i A.Nasimov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yo‘ldoshev, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i N.Sa’dinova Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida qayd etilgan ustuvor g‘oya va vazifalarga to‘xtaldilar.
Yilning birinchi yarmida viloyatimizdagi mahallalarning har birida kamida beshtadan yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallani faol tadbirkorlik maskaniga aylantirish bo‘yicha amaliy ishlar bajariladi, – deydi M.Boboyorov. – Davlat va jamiyat boshqaruvida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning ta’sirchan va amaliy mexanizmlarini joriy etishga alohida e’tibor qaratiladi. Mahallalarda, ta’lim muassasalarida "Maslakdosh, yelkadosh, raqobatdosh", "Mahalla kuni", "Ochiq hisobot darslari", "Kitob taqdimotlari", "Malaka" kabi loyihalar amalga oshiriladi.
Tadbirda soha rahbarlarining joriy yildagi rejalari, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha istiqboldagi loyihalar, davlat dasturlariga oid ma’lumotlari tinglandi.
Ta’kidlanishicha, 2018 yil investitsiya dasturi bo‘yicha jami 45 ta umumta’lim maktablarining bino va inshootlari rekonstruksiya qilinadi va mukammal ta’mirlanadi.
Maktabgacha ta’lim bo‘yicha 57 ta muassasada ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shahar hududlarida 150-200 o‘rinli, tuman mahallalarida 25-50 o‘rinli bog‘chalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar tayyorlanmoqda.
Samarqand va Toyloq olimpiya zaxiralari, Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kollejlari, Samarqand qishloq xo‘jalik hamda chet tillar instituti akademik litseylarida kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.
***
Brifingda berilgan ma’lumotlarni gazetamizning keyingi sonlarida e’lon qilib boramiz.