Respublikamizning olti hududidan kelgan yosh bokschilar Samarqandda bellashmoqda
Samarqand shahar 1-son sport maktabida boks bo‘yicha 2007-2008 yillarda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida sport ustasi va xalqaro toifadagi hakam Aziz Abduhamidov xotirasiga bag‘ishlangan ochiq turnir start oldi.
Musobaqaning ochilish marosimida viloyatimiz va respublikadan kelgan faxriy bokschilar, trener va sportchilar ishtirok etdi.
Marhum bokschining shogirdlari hamda viloyatdagi boks faxriylari hamkorligida tashkil etilgan xotira turnirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Sirdaryo, Navoiy, Namangan va Samarqand viloyatlaridan 150 nafardan ziyod sportchi 15 vazn toifasida bellashmoqda.
- Yoshlarni sportga jalb qilish, viloyatimizda boksni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish maqsadida bunday turnirlarni ko‘proq o‘tkazishimiz kerak, - deydi musobaqa tashkilotchilaridan biri, faxriy bokschi O‘ktam Saidmurodov. – Viloyatda boks sport turining rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, Samarqand farzandi Aziz Abduhamidov xotirasiga bag‘ishlab mazkur turnirni tashkil etilishining sababi bor. Aziz Abduhamidov Samarqanddagi «Dinamo» sport jamoatida boks murabbiyi, keyinchalik boks maktabi direktori vazifasida ishlagan.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston, sovet ittifoqi, ya’ni SSSR hamda AIBA xalqaro toifadagi hakamligini qo‘lga kiritgan. 1974 yilda ilk marta havaskorlar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida SSSR davlatidan to‘rt nafar hakam borgan bo‘lsa, shulardan biri Aziz Abduhamidov bo‘lgan. Shu kabi bir nechta nufuzli xalqaro turnirlarni boshqargan, hakamlik qilgan, viloyat, respublika terma jamoalariga shogirdlar yetkazib bergan. Aytish joizki, Samarqand boks maktabidan aka-uka Aleksandr va Nikolay Anfimovlar, Artaash Saakov, Murtazo Junaidov, Oleg Karjamanov, Matat Gabriyelov hamda yana bir nechta Yevropa va SSSR chempionlari, xalqaro turnirlar g‘oliblari yetishib chiqqan.
Musobaqa uch kun davom etadi va g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlanadi.
- Xotira turnirlarining tashkil etilishi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, kuchli va tajribali sportchilarni saralashga xizmat qiladi, - deydi Kattaqo‘rg‘on shahar sport maktabi murabbiyi Aziz Raimov. – Jumladan, joriy yilning dekabr oyida yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati o‘tkaziladi. Ushbu turnir mamlakat chempionati oldidan iqtidorli sportchilarni aniqlash va terma jamoalarga yuqori texnikali sportchilarni yetkazib berishda imkon yaratmoqda.