Rivoyat: IBRATLI SINGIL...
Qadim zamonda podshoh bir yigitni aybi uchun oilasi bilan o‘limga hukm qilibdi.
Podshoh mahbuslarning oxirgi so‘zlarini eshitmoqchi bo‘lib zindonga boribdi. Podshoh birinchi bo‘lib yigitning otasiga debdi:
- Oxirgi so‘zingni ayt!
Yigitning otasi:
- Podshohi olam, biz o‘lganimizdan so‘ng bir og‘iz fotiha o‘qing. Sizning duoingiz ijobat bo‘ladi, inshoalloh. Zero, podsholar Yaratganning yerdagi soyasidurlar, - debdi ko‘zi yoshlanib.
Podshoh bosh irg‘ab, yigitning onasiga yuzlanibdi:
- Ey, onaizor, oxirgi so‘zingni ayt!
Ona zorlanibdi:
- Onaga farzandining jon berishini ko‘rishdan u dunyoyu bu dunyo ortiq azob yo‘q. Oldin meni osishsin, toki farzandimning o‘limini ko‘rmay.
Navbat yigitning yakkayu yagona singlisiga kelibdi.
- Ayt, oxirgi tilaging nima? - debdi podshoh.
- Podshohi olam, menga igna bilan ip keltirishsin, iltimos. Ko‘ylagimning etagi yirtilibdi, shuni tikib olay, - debdi iymanib singil.
Podshoning hayrati oshib:
- Sen ertaga saharda shahar o‘rtasidagi dorga osilishingni bilasanmi? Nima qilasan etagingni tikib? Endi buning senga nima farqi bor? - debdi.
- Ey, podshohi olam! Men akamning singlisiman.. Akam mendan hamisha hayoli, iboli qiz bo‘lishimni talab qilganlar. Meni hamisha tergab, yurish-turishimni nazorat qilib, begona ko‘zlardan saqlaganlar... Ertaga xaloyiq oldida dor ostiga qanday etagi yirtilgan ko‘ylak bilan chiqaman?! Uyat o‘limdan qattiq-ku! Izn bering, so‘nggi nafasimgacha akamga munosib singil bo‘lay...
Podsho ko‘zyoshini yashira olmabdi.
- Hammalaringni ozod etdim, gunohlaringdan o‘tdim. Shunday singilga aka bo‘lgan yigitni ham kechirdim, - debdi podsho.