Rossiya elchixonasi AQShni tarixni o‘zgartirayotganlikda aybladi

Rossiyaning AQShdagi elchixonasi Vashingtonni Ikkinchi jahon urushi g‘alabasi tarixini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan, yolg‘onga asoslangan dasturlardan voz kechishga chaqirdi.

Bunday e’tiroz Ikkinchi jahon urushiga doir e’lon qilingan ko‘rik-tanlov shartlari Amerikaning Vengriyadagi dipmissiyasi saytida e’lon qilinganidan so‘ng bildirildi.

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlov AQSh Davlat departamenti grantlari asosida o‘tkaziladi. Ishtirokchilarga tarixiy ma’lumotlarga, urushda ishtirok etgan odamlarning og‘zaki ko‘rsatmalariga, “shu bilan birga insonparvarlik va qarshilik ko‘rsatish harakatlari, bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushida sodir bo‘lgan vahshiyliklar va birdamliklar hamda sobiq ittifoqining nohaqliklariga” e’tibor qaratish taklif etilgan.

“G‘alabaning 75 yilligini nishonlash arafasida (AQSh) Davlat departamenti yana bir bor tarixni o‘zgartirishga harakat qilmoqda. Sobiq ittifoq xalqlarini natsizm ustidan qozonilgan g‘alabada asosiy o‘rin egallaganlariga soya solmoqchi bo‘lmoqda. Amerika tomonini yolg‘on tarixga asoslangan sharafsiz dasturlardan voz kechishga chaqiramiz”, deyilgan Rossiya elchixonasining rasmiy Facebook sahifasida.