Rossiya jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti Samarqand filiali 10 yo‘nalish bo‘yicha o‘qishga qabul qiladi

O‘tgan yilning oktyabr oyida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgandi, deya xabar beradi kun.uz. O‘tgan davr mobaynida hamkorlik doirasida bir necha bor muzokara olib borildi va natijada Samarqand shahrida mazkur oliy o‘quv yurti filialini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilib, bu haqda O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasi tayyorlandi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kunlarda Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti rektori Tamara Mixaylova boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘lib turibdi.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Xorijlik mehmonlar tashrif davomida filial uchun ajratilgan binoni, talabalar foydalanadigan sport inshootlarini ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, yaqindagina kapital ta’mirdan chiqarilgan Samarqand ixtisoslashtirilgan olimpiya zahiralari maktab-internati yangi maneji ochilish marosimida ham ishtirok etishdi. 

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Yangi tashkil etilayotgan filial haqida universitet rektori Tamara Mixaylova shunday dedi: “Samarqand filiali universitetimizning xorijda tashkil etilgan ilk filialidir. Mazkur oliy ta’lim muassasasi samarali faoliyat yuritishini ta’minlash uchun biz O‘zbekistonga malakali mutaxassislarni jalb etamiz. Shuningdek, talabalarimiz Rossiyada joylashgan sport bazalarimizda amaliyot o‘tashadi”.  

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Mazkur ta’lim maskanida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlari yoshlari ta’lim olishi uchun ham imkoniyat yaratish, yildan-yilga mavjud yo‘nalishlarni kengaytirib borish rejalashtirilgan.

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Filialga 2019/2020-o‘quv yilida voleybol, basketbol, gandbol, futbol, yengil atletika, badiiy gimnastika, tennis, suzish, baydarka va kanoeda eshkak eshish sport turlari bo‘yicha 150 nafardan ortiq ilk talabalar kunduzgi ta’lim shakliga qabul qilinadi. O‘qish Rossiya Federatsiyasining amaldagi o‘quv rejalari va dasturlari asosida olib boriladi. Bitiruvchilarga beriladigan Rossiya namunasidagi diplom O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida oliy ta’lim hujjati sifatida tan olinadi.

Ma’lumot uchun, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universitetining talabalari va bitiruvchilari orasida 172 nafar Olimpiada g‘olibi, Yevropa va jahon chempioni bor.