Rossiya Mudofaa vazirligi: “Iflos bomba”ga qarshi kuch va vositalar shay holga keltirildi»

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina “iflos bomba”ni portlatgan taqdirda kuch va vositalarni tayyor holga keltirgani haqda bugun, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov ma’lum qildi.

“Mudofaa vazirligi Ukraina tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan provokatsiyalarga qarshi ishlarni tashkil qildi: kuch va vositalar radioaktiv ifloslanish sharoitida vazifalarni bajarishga shay holatga keltirildi”, dedi u.

Kirillov, shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev rejimi tomonidan “iflos bomba” yaratish bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda ekanligini aytdi.

Uning eslatishicha, bunday “iflos bomba” portlatilganda tarkibidagi radioaktiv modda zarba to‘lqini bilan purkaladi, so‘ngra katta hududlarga radioaktiv ifloslanish kuzatiladi. Kirillov, shuningdek, bu aholida nurlanish kasalligiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Kiyev bunday provokatsiyani amalga oshirish orqali "mahalliy aholini qo‘rqitish, Yevropa bo‘ylab qochqinlar oqimini ko‘paytirish va Rossiyani yadroviy terrorchi sifatida ko‘rsatishga urinmoqda".

Bundan tashqari, harbiy ekspert Vladislav Shuriginning "Izvestiya" nashriga aytishicha, "iflos bomba" portlagan taqdirda zararlanish 500 metrdan 1 kilometrgacha radiusda tarqaladi va keyinchalik barcha reagentlar tuproqqa singa boshlaydi.

Ukraina rasmiylari hududida bunday provokatsiyani amalga oshirishga tayyorligi haqida 23 oktyabr kuni ma’lum bo‘lgan.

Manba