Rossiya rahbarini haqoratlagani uchun ikki oyga ishdan chetlatilgan teleboshlovchi yana telekanalga qaytmoqda…

Gruziyadagi «Rustavi-2» telekanali boshlovchisi Georgiy Gabuniya bundan ikki oy burun Rossiya prezidenti Vladimir Putinni mualliflik ko‘rsatuvlaridan birida kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilgandi. O‘shanda bu masalaga Gruziya prezidenti va bosh vaziri ham aralashgan. Gabuniya ikki oy muddatga efirdan chetlatilgan. Yaqinda telekanalning yangi bosh direktori Paata Saliya teleboshlovchi shu kunlarda ishga qaytishini rasman ma’lum qildi.
U yana ta’kidlab o‘tdiki, «Rustavi-2»ning yangi egasi Kibar Xalvashi muharririyat ichkarisidagi ishlarga aralashmaydi.
O‘shanda Gabuniyaning Putinga qarata aytgan haqoratli so‘zlari Moskvada ham, Tbilisida ham katta shovqin va janjallarga sabab bo‘lgan. Ammo telekanal rahbarlari baribir Gabuniyani ishdan bo‘shatishni istashmadi. Ikki oy muddatga efirdan chetlatishdi xolos.