Rossiyada ikki o‘zbekistonlik yonib ketdi
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi 25 dekabrga o‘tar kechasi Irkutsk viloyatining Zalari aholi punktida joylashgan yotoqxonada sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida O‘zbekiston fuqarolari H.N. va O.S.ning halok bo‘lganligi to‘g‘risida OAVda tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi.
Hodisa joyidan 13 kishi evakuatsiya qilinib, ularning ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan, to‘rt kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular ambulator davolanishda.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga olgan. Sibir federal okrugi va Irkutsk viloyati vakolatli organlari va tibbiyot muassasasi bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Sibir federal okrugi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7-383-246-04-85, +7-383-246-04-84, +7-383-246-04-63, +7-383-246-04-64.