Rossiyada palov festivali o‘tkazildi

Kecha Rossiyaning Penza shahrida "Palov sammiti" nomi bilan palov festivali o‘tkazildi.

Festival Penza shahrida "Rossiya kuni" va "Penza shahri kuni" bayramlari munosabati bilan shahar bog‘laridan birida bo‘lib o‘tdi.

Bu festival tashkilotchisi Penza viloyatida rasmiy faoliyat yuritayotgan "O‘zbek jamoati" jamoatchilik tashkiloti bo‘ldi.

Palov festivalida o‘n nafardan oshiq oshpazlar qatnashishdi va O‘zbekistonning turli hududlariga xos bo‘lgan palovlarni tayyorlashdi.

Palov masalliqlarining aksariyatini buyurtma bilan O‘zbekistondan olib kelishdi.

Oshpazlar palovlarni katta qozonlarda pishirishdi.

Tayyor bo‘lgan palov festivaliga tashrif buyurgan mehmonlarga porsiyasi 100 rubldan sotildi. Tushgan pulni xayriya uchun ishlatilishi va u pullar yaqinda YTH tufayli jarohat olib davolanayotgan 4 yoshli bolaning davolanishi uchun berilishi e’lon qilindi.

Festivalda tayyorlangan osh pullik bo‘lsa ham har bir oshpaz oldida navbatlar yuzaga keldi va ko‘pchilik penzaliklar oshdan tatib ko‘rish uchun festivalga tashrif buyurdilar.

Festival o‘tkazilayotgan bog‘ haqiqiy o‘zbekona ko‘rinishda bo‘ldi va bu yerda milliy cholg‘u asboblari vositasida o‘zbek milliy qo‘shiqlari ham jonli yangrab turdi.

"Biz ushbu palov festivalini 7 yildan beri to‘xtovsiz o‘tkazib kelmoqdamiz. Tadbirimizni o‘tkazishga Penza shahridagi turli korxonalar ham baholi qudrat yordam berib kelishayapti" deydi Penza viloyati "O‘zbeklar jamoasi" jamoatchilik tashkiloti rahbari Sotimboy Berdiyev.