Rossiyada sovuqda qolib ketgan va ko‘p qavatli qurilish ob’yektidan yiqilib tushgan fuqarolar Vatanga qaytarildi
Navoiy viloyatidan A.Ya. Rossiya Federatsiyasining Ufa shahriga ishlash maqsadida ketgan. 2020 yil dekabr oyida ishsiz, pulsiz qoladi va vaqtinchalik yashash joyidan haydaladi. U sovuqda ko‘chada qolib ketib, salomatligi yomonlashishi oqibatida tez tibbiy yordam orqali shifoxonaga olib ketiladi. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar natijasida fuqaroning qo‘l va oyog‘idagi barmoqlari amputatsiya qilinadi.
Shuningdek, andijonlik A.B. oilasidagi moliyaviy qiyinchilik sababli Sankt-Peterburg shahriga qurilish ob’yektlarida ishlash maqsadida ketgan. Ish vaqtida qurilish ob’yektining 3-qavatidan yiqilib tushadi.
Ushbu fuqarolarga shifoxonada tibbiy yordam olinishida ko‘maklashilib, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bugun "Moskva-Samarqand" hamda "Sankt-Peterburg-Toshkent" yo‘nalishida O‘zbekistonga qaytarildi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mas’ul xodimlari tomonidan fuqarolar tez tibbiy yordam mobil guruhlari yordamida kutib olinib, doimiy yashash manziliga kuzatildi.
Navoiylik fuqaro A.Ya.ning O‘zbekistonda yaqin qarindoshlari va doimiy yashash manzili yo‘qligi sababli Navoiy viloyati hokimligi tomonidan fuqaroni davolash-mehnat terapiyasini amalga oshirish va reabilitatsiya qilish, keyinchalik "Muruvvat" uyiga joylashtirish rejalashtirilgan.