Rossiyadan 150 nafar o‘zbekistonlik avtobuslarda olib kelinmoqda

Avval xabar berilganidek, joriy yilning 22 oktyabr kuni O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan hamyurtlarimizni Rossiya Federatsiyasidan olib kelish maqsadida Transport vazirligi huzuridagi “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan 3 ta avtobus Yekaterinburg shahriga jo‘nab ketgan edi.

Avtobuslar belgilangan rejaga muvofiq, o‘z vaqtida manzilga yetib bordi. Tashkil etilgan maxsus avtobus qatnovi orqali Yekaterinburg, Chelyabinsk, Tyumen shaharlaridan jami 150 nafar fuqarolar O‘zbekistonga olib kelinmoqda. Ayni damda Qozog‘iston Respublikasi hududida bo‘lgan avtobuslar bir necha soatlardan so‘ng O‘zbekistonga kirib keladi.

Transport vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu maxsus avtobus qatnovlari barcha sanitariya qoidalari va Qozog‘iston hamda Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘yilgan talablarga qat’iy amal qilgan holda bajarilmoqda.