Rossiyaga kimlar va qanday qilib kirishlari mumkin?

Rossiya Federatsiyasi hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r-sonli qaroriga ko‘ra joriy yilning 18 martidan boshlab Rossiya Federatsiyasiga quyidagi xorijiy fuqarolar kirishiga ruxsat berilgan:

- Rossiya Federatsiyasi hududidagi akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarning xodimlari, xalqaro tashkilotlar va ularning vakolatxonalari, shuningdek, ushbu shaxslarning oila a’zolari;

- xalqaro avtomobil yo‘nalishidagi haydovchilar, havo, dengiz va daryo kemalarning ekipajlari, xalqaro yo‘nalishdagi temiryo‘l poyezdi va lokomativ brigadalari;

- rasmiy delegatsiya a’zolari;

- yaqin qarindoshining vafoti sababli viza olgan shaxslar;

- Rossiya Federatsiyasida doimiy yashovchi shaxslar;

- havo yo‘llari orqali tranzit yo‘nalishida harakatlanuvchilar.

Xorijiy fuqarolar Rossiya Federatsiyasiga kirishi uchun yuqoridagi asoslardan biriga ega bo‘lishi, COVID-19 koronavirusga test topshirgani va 72 soat davomida amal qiluvchi manfiy PZR-test natijasi haqida ma’lumotnoma, shuningdek, Rospotrebnadzor saytida www.rospotrebnadzor.ru e’lon qilingan anketaning to‘ldirilgan shakli bo‘lishi lozim.

Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra elchixonadan ruxsatnoma olishi shart emas.

Rossiya chegarasidan o‘tishda o‘qish yoki ishlash maqsadi, shuningdek, vaqtinchalik (RVP) va uzoq muddat (VNJ) yashash huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga ham asos hisoblanmaydi, ya’ni oddiy qilib aytganda ushbu toifadagi shaxslar Rossiyaga vaqtincha bora olishmaydi.

Shu munosabat bilan, fuqarolardan Rossiyaga borishda noma’lum shaxslarning har xil asoslanmagan takliflariga ishonmasliklari so‘raladi.

Abduaziz XAFIZOV,

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Samarqand viloyati mintaqaviy filiali boshlig‘i.