Rossiyalik deputatlar bilan uchrashuv
Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk oblasti Qonunchilik majlisi raisi o‘rinbosari Mayis Mamedov boshchiligidagi deputatlar delegatsiyasi mehmon bo‘lib turibdi.
Bugun viloyat hokimligida rossiyalik deputatlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyati mudiri S.Usmonov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev, viloyat hokimi o‘rinbosari – investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Hamroyev ishtirok etgan uchrashuvda keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani ta’kidlandi. Parlamentlararo munosabatlar ham keng ko‘lamda davom etayotgani qayd etilib, mahalliy kengashlar hamkorligini rivojlantirish zarurligi aytildi.
Tomonlar mahalliy kengashlar faoliyati yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Shuningdek, uchrashuvda Samarqand va Novosibirsk viloyatlari o‘rtasida sanoat va qurilish sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bu borada birgalikda loyihalarni amalga oshirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Rossiyalik deputatlar ertaga Samarqanddagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyat bilan tanishadi.