Rostdan ham "kasha" olish muammo bo‘ldimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi Yangi sanoat qishlog‘ida yashovchi fuqaro karantin paytida shaharga kirib-chiqish taqiqlangani sababli 9 oylik chaqalog‘iga bolalar ozuqasi (kasha) ololmayotganligini aytib murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan o‘rganish olib borilganda, feysbuk ijtimoiy tarmog‘i orqali murojaat qilgan fuqaro Xurshida Tursunova hozirda Turkiya davlatida ekanligi aniqlandi. U 9 oylik bolasini onasi Zebo Yusupovaning qaramog‘iga tashlab ketgan.

Zebo Yusupovaning ma’lum qilishicha, karantin e’lon qilinganidan so‘ng kasha olish uchun ko‘chaga chiqqanida Samarqand shahriga kirish yo‘li yopilganligini eshitib, bu haqda telefon orqali qiziga aytgan. Xurshida Tursunova esa noto‘g‘ri xulosaga kelib, ijtimoiy tarmoqda videomurojaat qoldirgan.

- Nevaram uchun yetarlicha kasha bor. Aslida ular mening gaplarimni noto‘g‘ri tushungan. Qizim yoshlik qilgan. Buning uchun barchadan uzr so‘rayman, - deydi Zebo Yusupova.