Sertifikat olish uchun kitob o‘qish shart(mi?)

Bugungi raqamli asrda yosh avlodning tarbiyasi, ma’naviy immuniteti, tanqidiy tafakkuri va mustaqil fikrlash qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan har qanday harakat, avvalo, uni kitob bilan yaqinlashtirish, uning ongiga kitobxonlik madaniyatini singdirish bilan boshlanishi kerak. Chunki kitob ma’naviyat chirog‘i, tafakkurni yorituvchi manbadir.

Men faoliyat olib boradigan Samarqand davlat chet tillar institutida talabalar ishtirokida shu mavzu doirasida tadbirlar o‘tkazib turiladi. Innovatsion ta’lim texnologiyalari va metodika kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbatlaridan biri “Kitob yoki internet” mavzusida bo‘ldi.

- Kitob o‘qishga vaqt yo‘q, - dedi shu tadbirda qatnashgan bir talaba yigit. – Internet uning o‘rnini bemalol bosa oladi. Biror badiiy asarni o‘qish kerak bo‘lsa, uning audiovariantini ijtimoiy tarmoq orqali topib, eshitaman. Kitob do‘koniga borib, uni sotib olishga ham pul, ham vaqt ketadi. Qolaversa, biz adabiyotshunos bo‘lmasak.

- Men esa bu fikrga qarshiman, - dedi talaba qizlarning biri. - Birgina til bilish darajasini aniqlovchi IELTS yoki CEFR sertifikatlariga o‘tkaziladigan imtihonlarda kerakli balni to‘plash uchun ham ko‘p kitob o‘qish kerak. Asosiysi, imtihonning “speaking”, ya’ni “gapirish” bo‘yicha sinovidan keng fikrlaydigan kishigina yaxshi natijaga erishishi mumkin. Buning uchun ham o‘zbek tilida, ham ingliz tilida qancha ko‘p badiiy kitob o‘qigan bo‘lsa, shuncha foydali. Har qanday asarni kitobdan o‘qish tasavvurni, tafakkurni kengaytiradi.

Bu ikki talabaning so‘zlarini eshitib o‘ylanib qoldim. Ularni yaxshi bilaman. Har ikkisining ham IELTS sertifikati bor. Biroq kitob o‘qishni xushlamaydigan yigit 5,5 ball to‘plab, sertifikatga ega bo‘lgan. Talaba qiz esa 8 ballik chet tilini bilish sertifikatiga ega. Shundan ham o‘zimizga kerakli bo‘lgan xulosani chiqarsak bo‘ladi.

Mahzuna ISMATOVA,

institut katta o‘qituvchisi.