Ruhiyat: Meni hasadgo‘y odamlar tashvishga soladi
Shoir, yozuvchi, essenavis va musiqashunos, Braziliya modernizmining asoschilaridan biri Mario de Andrade (1893-1945) qarigan chog‘ida ushbu dostonni yozib bizga qoldirgan.
“O‘tgan yillarimni sarhisob qildim va yashab o‘tganimga qaraganda, yashashim uchun kamroq vaqt qolganiga amin bo‘ldim.
O‘zimni xuddi bir quti shokolad yutib olgan boladek his qilyapman: u konfetlarni dastlab zavq bilan yeydi, kamroq qolganini anglab olganida esa shokolodlarni chindan ham shavq va lazzat bilan yeya boshlaydi.
Hech narsaga erisha olmasligimni bila turib, nizom, qonun, tartib va ichki qoidalar bo‘yicha cheki yo‘q konferensiyalar o‘tkazishga vaqtim yo‘q.
O‘zini yoshiga mos ravishda tuta bilmaydigan, bema’ni odamlarning qiliqlarini hazm qila olmayman.
O‘rtamiyonlar bilan kurashishga vaqtim yo‘q. Men xudbinlikka o‘rgatiladigan majlislarda ishtirok etishni xohlamayman.
Qutqu soluvchilar va qalloblarga toqat qila olmayman. Meni mavqei, iste’dodi va yutuqlarini qo‘lga kiritish uchun ko‘pincha boshqa qobiliyatli kishilarni obro‘sizlantirishga harakat qiladigan hasadgo‘y odamlar tashvishga soladi.
Sarlavhalarni muhokama qilishga vaqtim yo‘q. Bunday qilishni aslo xohlamayman, chunki ruhim shoshayotir, qutichamdagi shirinliklarim tugab boryapti.
Men nihoyatda odamgarchilikni biladigan insoniy kishilar bilan, o‘z xatolari ustidan kula biladigan, o‘z muvaffaqiyatlariga erishgan, o‘z vazifalarini biladigan va majburiyatlardan qochmaydigan, inson qadr-qimmatini himoya qiladigan va faqat haqiqat, adolat va haqqoniylik tarafdori bo‘lishni xohlaydigan odamlar bilan yashashni istayman. Aynan shu narsalar bilan bu hayot yashashga arzigulik.
O‘zimni boshqalarning yuragiga tega olishni biladigan odamlar bilan o‘rab olmoqchiman. Ular hayotning qattiq zarbalari orqali o‘sishni o‘rgangan va qalbning nozik daxldorligini saqlab qolgan.
Ha, men shoshilaman, faqat yetuklik beradigan shiddat bilan yashash uchun shoshilaman.
Men uchun qoldirilgan shirinliklarning hech birini isrof qilmaslikka harakat qilaman. Ular oldin yegan shirinliklarimdan ko‘ra mazaliroq bo‘lishiga ishonaman.
Maqsadim – o‘zim, yaqinlarim va vijdonim bilan uyg‘unlikda intihomga yetish.
Siz ikki hayotim bor deb o‘ylab yurasiz va da’fatan faqat bitta hayotingiz borligiga anglab yetasiz”.
Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.