Rumiydan saboqlar

Bugun nega Mavlono Rumiyni butun dunyo ahli sevishi, nega barcha din va mazhab vakillari uni ardoqlashini tushunishga harakat qilamiz.

Payg‘ambarimiz “Mendan keyin yetmish uchga bo‘linib ketasizlar”, deganlar va bu bashorat ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan. Islomda yetmish uch mazhab bo‘lsa, yetmish uch xil qarash mavjud. Ular orasida an’anaviy sunniy mazhabi aqidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan qarashlar ko‘p. Bu mazhablar har biri o‘zinikini ma’qullab, o‘zini “chin musulmon” deb o‘ylar, boshqa mazhab tarafdorlarini esa kofir, dushman hisoblardi. Natijada, bu mazhablar faqat nazariy-mafkuraviy maydonlarda olishib qolmay, balki qattol urushlarni ham vujudga keltirdi va orada yuz minglab odamlar qirilib ketardi.

Mavlono Rumiy esa “men yetmish uch mazhab bilan birdirman” derdi. Bu ko‘plarga yoqmagan. Ammo Jaloliddin Rumiy uchun bu mazhablarning o‘zaro bahsu munozaralari hali balog‘atga yetmagan odamlarning dinu diyonat, islom va iymonning mohiyatiga yetmay, zohiriy narsalar, atamalar ustida ma’nisiz va maqsadsiz tortishuvlari bo‘lib tuyulgan.

Nega? Chunki biror mazhabda ham Xudoning O‘zi, Uning biru borligi inkor etilgan emas. Mazhablar Xoliq haqida emas, balki maxluqot, ya’ni yaratilgan narsalar, odamlar o‘zi o‘ylab topgan rasm-rusumlar, qoida-qonunlar, aqidalar haqida bahs-munozara qiladilar. Tasavvuf ahli esa Haq ta’oloning O‘zi, Uning zoti va javhari, ya’ni mohiyatlar mohiyatiga yetishish uchun intilganlari sababli bu rasm-rusumlar, qoidalarga e’tibor qilmasdilar. Ular shariatni qattiq hurmat qilganlar. Biroq shariat shariat uchun emas, shariat haqiqat uchun vosita deb qaralgan. Shunday bo‘lgandan keyin vosita turlicha bo‘lishi mumkin. Maqsad esa bitta – Haqqa yetishmoq, deb uqtiriladi Jaloliddin Rumiy asarlarida.

Mana shu ma’noda Rumiy men barcha mazhablar bilan birdirman, degan. Bugina emas, Jaloliddin Rumiyning fikricha, dunyo dinlari mohiyatan birdir. Chunki ularning hammasida ham tavhid g‘oyasi bor. Parvardigori olamga sig‘inish, Undan madad olish, U sari intilish mavjud. Rumiyning “Ichindagi ichindadir” asarida keltiriladi: “Bir kun bir yig‘inda va’z o‘qilardi. Musulmonu kofir hamma yig‘lar, turli ahvolga tushardi. Birov: “Kofirlar nega yig‘lashadi, ustiga ustak tilni bilishmaydi. Musulmonlarning ham mingdan biri arang tushungan va’zdan ular nimani anglayaptiki, bu qadar yig‘lab siqtashadi”, deb so‘radi. Mavlono aytdiki: “So‘zning o‘zini tushunishga hojat yo‘q. Ular mohiyatini, maqsadni anglashmoqda. Ular ham Allohning birligini e’tirof etishadi. Uning Yaratguvchi, Razzoq, hamma narsani o‘z tasarrufida tutuvchi ekanini, nihoyat, hamma Unga qaytajagini, avfu jazo undan bo‘lajagini anglashadi”.

Jaloliddin Rumiy buni yana soddaroq qilib tushuntirish uchun misol keltiradi: “Ko‘rmayapsanmi, Ka’baga Shimol va Sharq, Janub va G‘arbdan, Iroqu Ajam, Hindu Yamandan odamlar yo‘lga chiqadi. Ularning yo‘llari har xil, ammo maqsadlari bir. Yo‘lda ixtiloflar, tortishuvlar bo‘ladi, ammo Ka’baga yetgach, bahslar to‘xtaydi, ixtiloflar barham topadi. “Yo‘lda bir-birlariga: “Kofirsan, falonsan-pistonsan”, deganlar Ka’baga kelishlari bilan maqsadlari bir ekanini anglaydilar”, deydi Rumiy. Kelishmovchiliklar ma’noda emas, shaklda, so‘zdadir. Ma’noga yetishganlar orasida nizo yo‘q”.

 Go‘zal bir rivoyat

Mohiyatni tushunmasdan, so‘zdagi farqqa qarab o‘zaro ixtilof qilishni Rumiy mana bu rivoyat bilan tushuntirgan: To‘rt millatdan to‘rt kishi – turk, fors, arab va yunon yo‘lda birga ketayotganlarida ularga birov bir dirham pul beradi. To‘rtovlon bir-birining tilini tushunmagani sababli pulga nima sotib olish kerakligi ustida janjallashib qoladilar. Fors “angur”(uzum) olamiz desa, arab “man angur yemayman, “inab”(uzum) istayman deydi. Turk “uzum” olamiz deb turib olsa, yunonlik “Yo‘q, istofil (uzum) yemoqchiman” deb musht o‘qtaladi. Natijada, ular bir-birini tushunmay, yoqalashib ketadi. Shu payt “yuz tilni biladigan sirlar sohibi” bir odam yo‘liqib, ularning nizosiga quloq solib, pulni qo‘llaridan olib, bozordan uzum sotib olib berganida, to‘rtalasi ham bir narsani xohlaganini ko‘rib, hayron qolishadi, istaklari amalga oshib, yarashib ketadilar.

Odam qanchalik nodon bo‘lsa, u shuncha xurofotga, so‘zlar sehriga, shakllarga mahliyo bo‘ladi, rasm-rusumga, aqidalarga beriluvchan bo‘ladi. Va, aksincha, odamning ma’rifati, bilimi oshgan sari, u Iloh ilmiga, g‘aybga yaqinlashib boradi, mazhabparastlik, aqidaparastlikdan yuqori ko‘tarilaveradi, haqiqat oshig‘i bo‘lib, Haq sari talpinaveradi. Mazhabparastlik insonni kichraytiradi, ma’naviy dunyosini toraytirib, muayyan bir sxolastik tushunchalar kishaniga solib qo‘yadi. Rumiyning ta’biri bilan aytganda: “Insonning ichi hurriyat olamidir”. Ha, inson qalban hurdir. Allohga bo‘lgan muhabbat, hayotga bo‘lgan muhabbat ham hurlikdan paydo bo‘lgan shavqdir. Bu shavq kuydiruvchi ishqqa aylanib, insonning o‘zini ham olamlarni o‘z ichiga sig‘diruvchi buyuk bir xilqatga aylantiradi. Ya’ni, Allohga yaqin etadi. Bu ishq har qanday dunyoviy va uxroviy manfaatparastlikdan, g‘arazlardan xoli, pokdir. Bunda toat-ibodatdan, ahkomlarni bajarishdan ko‘ra, samimiyat, yoniq harorat bilan jonfidolik qilish hissi ustun.

 Rumiydan bir masal

Iloh haqida tasavvurlar ham har xil. Bu tasavvurlarning haqiqati to‘plansa, balki Alloh ma’rifatiga yaqinlashish iloji topilar? Rumiy quyidagi masalni keltiradi: to‘rtta ko‘zi ojizga filning qanaqa ekanligini anglatmoqchi bo‘libdi. Filni ularning oldiga olib kelibdi. Ulardan biri filning xartumini ushlab, “ilonga o‘xshar ekan” debdi. Ikkinchisi oyoqlarini paypaslab, fil “binoning ustuniga o‘xshash ekan” debdi. Uchinchisi qornini ushlab, “qopga o‘xshar ekan” debdi, to‘rtinchisi filning quloqlariga qo‘l tekizib, supraga o‘xshar ekan debdi.

Demak, ularning birortasida ham fil haqida to‘liq tasavvur yo‘q. Shu kabi odamlarda ham alohida-alohida olinganda Xudo haqida to‘liq tasavvur yo‘q. Faqat qalb ko‘zi bilan idrok etadiganlar bu Mohiyatga yaqinlashib boradilar. Suratga ishqiboz zohirbinlar esa bundan mahrumdir.

Rumiy keltirgan mana bu masal ham shu o‘rinla ibratli:

Bir tulki sherdan qutilish uchun unga qarab: “O‘rmonda sendan ham zo‘r bir jonivor paydo bo‘libdi, u senga hujum qilib, seni yemoqchi”, debdi. Sherning qahri kelib, “Qani o‘sha maxluq”, deb so‘rabdi. Tulki sherni quduq boshiga olib borib, suvga qaragin ko‘rasan, debdi. Sher suvga qaragan ekan, o‘z aksini ko‘ribdi va “Hali senmi meni yeydigan?” deya o‘zini quduqqa tashlabdi va halok bo‘libdi. Rumiyning xulosasi: suratparastlik, hovliqmalik, manmanlik taqlidchilikni yuzaga keltiradi. Manmanlik esa oxir-oqibatda insonni halokatga olib boradi.

Oddiy latifalar, hikoyatlardan Rumiy favqulodda falsafiy-so‘fiyona ma’nolar chiqaradi, teran tafakkuri doiradan doiraga, darajadan darajaga ko‘tarilib boradi.

Tabiatan insonlarning fe’l-atvori, dunyoqarashlari turlicha bo‘lganidan, ularning darajalari, jamiyat o‘rnida tutgan o‘rni ham bir-biridan farqlanadi. Shu bois, odamlarning darajasiga, dunyoqarashiga ko‘ra muomalada bo‘lish kerak.

“Masnaviy”dagi Muso (a.s.) va cho‘pon hikoyati bunga misol. Cho‘pon hali g‘o‘r, Muso esa puxta (yetilgan). Shu bois payg‘ambar Muso (a.s.) cho‘ponga tanbeh berdilar. Alloh esa qalbimizdagilarni ham ochiq-oydin biluvchidir. U cho‘ponning so‘zlari noravo bo‘lishidan qat’i nazar, qalbidagi muhabbatni tinglab turgan ekan.

“Ma’naviy Masnaviy”da keltiriladiki, Muso payg‘ambar bir yaylovdan o‘tayotganida bir cho‘ponga duch keladi. Cho‘pon Xudoga nola qilib der edi: “Ey Xudojon, sen qayerdasan, kel, sochlaringni tarayin, chorig‘laringni tikayin, naki o‘z jonim, balki qo‘ylarim, farzandlarim ham senga fido bo‘lsin. Qayerdasan, borib dastyoring bo‘lsam, sut qaymog‘im bilan qorningni to‘ydirayin, boshing og‘risa, boshingni silayin, yuzqo‘lingdan o‘payin, oyoqlaringni uqalayin…”

Muso buni eshitib, cho‘ponni koyiydi: “Ey ahmoq, kofir bo‘lding, Xudoning chorig‘i ham, to‘ni ham yo‘q, u yemaydi, ichmaydi, Uni o‘zingga o‘xshatma. U go‘yo quyosh, sen bir chivin…”

Cho‘pon Musoning bu gapidan qattiq xafa bo‘ladi va jimib qoladi.

Shunda Parvardigori olamdan Musoga vahiy keladi: “Ey Muso, nima qilding, bandamizni bizdan ayirding, qo‘y aytsin, sen bandalarning dilini Parvardigorga ulash uchun yuborilgansan, ajratib tashlash uchun emas. Biz har odamga, har bir elga o‘z darajasida, o‘z tilida muhabbat izhor etish uchun imkon berdik. Hindlarni hind tilida, sindlarni sind istilohida so‘zlatdik”.

Bu rivoyatda ham Rumiy tashqi belgilar, so‘zlar shakliga e’tibor qilmaslik, balki so‘zning ma’nosiga, samimiyligiga e’tibor berish lozimligini ta’kidlaydi. Cho‘ponning so‘zlari juda to‘pori, sodda. Cho‘pon Xudoni o‘ziga o‘xshatib tasavvur etadi. Ammo uning so‘zlari, muhabbati soxta emas, tama’, g‘arazga asoslanmagan. U bor-budini Xudo yo‘lida sarflashga tayyor. Albatta, yurakdan aytilgan gaplar qanday tilda bo‘lmasin aytuvchining sadoqatini ifodalaydi.

Mavlono bog‘idan kichik guldasta

Ishq ul - toki xalq uchun saodat bo‘lsin!

Ishq ul - bu saodat to qiyomat bo‘lsin!

Ul ishq meni tug‘di aslida - ona emas,

Ul onaga ming tahsinu rahmat bo‘lsin!

* * *

Biz oshiqi ishqmiz-u, musulmon boshqa,

Biz zaif chumolimiz, Sulaymon boshqa.

Bizdan so‘ra kuygan dilu somon yuzni,

Kim savdo qilar mol bila - do‘kon boshqa.

* * *

Qil yaxshilik - yaxshilikni bilgay dunyo,

Poydordir u yaxshilik tufayli tanho.

Mol qoldi-ku hammadan, qolar sendan ham,

Qoldirdi baxil - mol, yaxshilikni dono.

***

Ey jonu jahon, jonu jahonim qayda?

Ey oy, zaminu osmonim qayda?

Sen mayni qo‘limgamas, labimga tutgil,

Mastlik bila bilmasam dahonim qayda?

***

Jonon keladir chamanda tanho-tanho.

Nargis ko‘zi purxumoru ra’no-ra’no.

To‘sdim yo‘lini, dedimki, bir bo‘sa olay,

Faryod solib haydadi: yag‘mo-yag‘mo!..

***

Har lahza g‘aming chekib, g‘aming olg‘aymen,

Har lahza g‘aming bila yana qolgaymen,

Har chandki kaming chekib-chekib, jon berdim.

Kam ulki, g‘aming chekib-chekib, tolgaymen...

***

La’ling, sanamim, hamisha xandon bo‘lgay,

Oshiq sen ila hurramu shodon bo‘lgay.

Har kimsa seni ko‘rsayu gar bo‘lmasa shod,

Baxt yuzini ko‘rmagay u, sarson bo‘lgay.

***

Jonimki, harif erdi, begona emish,

Aqlimki, tabib erdi, devona emish.

Vayronaga shohlar berishar ganj, ajab.

Vayrona dilim ganj ila vayrona emish...

***

Men o‘lsam agar, boshimda giryon bo‘lmang,

Jononima topshiringu nolon bo‘lmang.

Jonsiz u labimga lab qo‘yib jononim,

Jon menga ato aylasa, hayron bo‘lmang...

Karimberdi TO‘RAMUROD,
Ko‘niyadan Zarnews.uz uchun maxsus.