Sadriddin Ayniy haqida bilmaganlarimiz ayon bo‘lmoqda
Olamni ob’yektiv yo sub’yektiv talqin etishda ijodkorni voyaga yetkazgan ijtimoiy, ruhiy-psixologik jarayonlarning ta’siri o‘z izini qoldiradi. Xolislik ijodkor uchun yaxshi fazilat. Har qancha xolisonalik bo‘lsa-da, tarixiy voqelik baribir ijodkor xarakteri, tafakkuri va qalbi "tahriri"dan o‘tib, muayyan bir asar shakliga kiradi. Ijodkorning xarakteri, tafakkuri, qalbi esa uni qurshab kelgan muhit va sharoitning "havosidan nafas oladi".
Sadriddin Ayniy amirlik zamonida voyaga yetdi, tanildi. Eski maktab, madrasa ta’limini oldi. Otasining "Mulla bo‘lma, qozi bo‘lma, odam bo‘l", degan o‘giti ta’sirida kamol topdi. Maktabning, madrasaning chalamullalikka yo‘naltirilgan ta’limoti, amirlikning mutaassiblikka tayangan tartiboti ma’rifatli ota o‘gitiga amal qilgan yosh Sadriddinda qoniqmaslik, norozilik, keyinchalik cheksiz nafrat hisini oshirdi. Ilk she’rlarida imo-ishoralar, ramzlar vositasida ko‘ringan bu tuyg‘u nasriy asarlarida ochiq-oydin aks eta boshladi. Atrofdagi nochorlik, zulm va zo‘ravonlik, amir jallodlari tomonidan akasining qatl etilishi, o‘zining darra bilan kaltaklanishi kabi ob’yektiv, sub’yektiv omillar bu nafrat tuyg‘usini alangalatganligi shubhasiz.
Yozuvchi madrasada o‘qib yurgan chog‘lari muqim turarjoyga ega bo‘lmagan. Ba’zan akasining, do‘stlarining, tanishlarining hujralariga ko‘chib yurgan. Umuman boshpanasiz qolgan paytlari ham bo‘lganki, uning o‘z ta’biri bilan aytganda, "ko‘ylagining ichida" yashab yurgan. O‘sha paytlarda yozgan she’rlari amir Abdulahadxonga ma’qul bo‘lib, saroyga ishga taklif qilinadi. Ammo Ayniy turli sabablarni ro‘kach qilib, bu taklifni rad qiladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, bu dunyoning pastu balandini, oqu qorasini erta anglagan yozuvchida shaxsiy sifatlar shakllana boshlagan edi.
Ma’lumki, S.Ayniy ijodini she’r yozish bilan boshlaydi. Ahmad Donishning shafqatsiz realizm namunasi bo‘lgan "Navodirul vaqoye" asari bilan tanishgach, unda yozuvchilikka havas uyg‘onadi. Asarlari tilining sodda, ravon, xalqona, jumlalarning pishiq, fikrlarining mantiqan bir-biriga bog‘lanishi ustida sabot bilan mehnat qiladi. 1920-1921 yillarda nosirlikka jiddiy kirishadi.
Psixologlarning aniqlashicha, insonda xarakter xususiyatlari 22-25 yoshlar atrofida shakllanadi. Oktyabr to‘ntarishi ro‘y berganda Sadriddin Ayniy 40 yoshda edi. Adibning ideallari, qaror topgan xarakteri, jumladan, ijtimoiy adolatsizlikka murosasizligi yangi tuzum g‘oyalariga mos keldi. Shu bois adib amirning taxtdan ag‘darilishini (1920) mamnuniyat bilan qarshilaydi.
Yana bir jihati shundaki, sho‘ro hukumatiga ham bayroq qilib ko‘tarish uchun Sadriddin Ayniyga o‘xshagan taniqli, e’tirof etilgan shaxs kerak edi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan XX asrning 20 yillariga qadar bo‘lgan Buxoro tarixida soxtalashtirilgan, xolisona o‘rganilmagan nuqtalar ko‘p. Tarixiy hujjatlar, darsliklar, ma’lumotnomalar o‘z davrining siyosat va mafkurasi ta’sirida bir yoqlama yoritilgan bo‘lib, bugungi kun Sadriddin Ayniy asarlarining nafaqat badiiy, balki tarixiy ahamiyati nechog‘lik baland va muhimligini ko‘rsatib turibdi. Bu borada "Esdaliklar" juda qimmatli manba hisoblanadi.
Sadriddin Ayniy poetik uslubini belgilovchi bosh asos bu tarixiy haqiqatga sodiqlik va rostgo‘ylikdir. Ibn Sino, Rudakiy, Firdavsiy, Shayx Sa’diy, Alisher Navoiy, Mirzo Bedil, Muqimiylar haqidagi ilmiy tadqiqotlarida ham shu xususiyat yetakchilik qiladi. Turkiy, forsiy, arabiy manbalarni taqqoslab, olim ilmiy qarashlarini tarixiy dalil, hujjatlar bilan asoslaydi.
Adibning "Eski maktab", "Esdaliklar" asarlarida o‘zi ishtirok etgan tarixiy davr hodisalari hikoya qilinadi. Boshqa badiiy asarlarining syujetiga ham tarixiy shaxslar hayoti, tarixiy voqelik, hayotiy makon va zamon asos bo‘lib xizmat qilgan. "Maktab", "madrasa", "masjid", "bozor", "idora", "karvonsaroy", "ark", "obxona" kabi mikromakonlardan tashqari, birgina Shofirkon tumanidagi "Mahallibolo", "Mamadboqi" (bugun "Mahalliboqi") "Denav", "Sug‘d" (bugun "Sug‘ut") kabi qishloqlar ham tarixiy joy nomlari bo‘lib, yozuvchi tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirishda ko‘p ham mubolag‘aga yo‘l qo‘ymaganiga ishonch hosil qilish mumkin. "Mahallibolo" tog‘alarining qishlog‘i bo‘lib, bolaligida yozuvchi bu qishloqlarda ancha payt yashagan, shu yerlik kambag‘al, chorakor, yetim-yesir, boy-amaldorlarni yaxshi tanigan. "Qullar" syujetining tarkibiy qismlari asosan, ana shu qishloqlarda kechadi.
Shavkat HASANOV,
filologiya fanlari doktori.
(Davomi bor).
Muallif haqida: Shavkat Hasanov shoir, tarjimon va olim. Uning "Yomg‘ir mavsumi", "Qayg‘udan keyingi kun" she’riy to‘plamlari, "O‘zbek dramatik dostoni", "Zamonaviy o‘zbek dostoni poetikasi", "Lirika va doston", "Doston tarkibi va tabiati" kabi monografiyalari, "O‘zbek jurnalistikasi tarixi" o‘quv qo‘llanmasi, adabiyotshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 100 ga yaqin maqolalari e’lon qilingan.