Saida Mirziyoyeva Urgutda iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishdi
Kecha Urgutda bo‘ldik. Samarqanddan Urgut vokzaligacha yangi temir yo‘l orqali keldik. Bu yo‘l Urgutda erkin iqtisodiy zona rivojlanishiga, tadbirkorlar, yo‘lovchilar uchun masofa va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilma bo‘ladi, - deb yozdi o‘z kanalida S.Mirziyoyeva.
O‘zbekiston–Tojikiston chegarasida savdo, logistika va tibbiyot markazlarini tashkil etish loyihasi bilan tanishdim. Asosiy maqsad — hududni tranzit nuqtadan iqtisodiy faoliyat markaziga aylantirish.
Yangi logistika markazi kuniga 100 tagacha yuk avtomobiliga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Bu yerda logistika faqat tashish emas, balki mahsulot qiymatini oshiruvchi bosqich sifatida ko‘rilmoqda. Bojxona jarayonlarida byurokratiya qisqarib, tezlik va shaffoflik oshiriladi.
Diagnostika markazida 200 nafar bemor, savdo markazida esa 800 nafar tadbirkor uchun sharoitlar yaratiladi. Bu orqali Tojikiston fuqarolari ham pasport nazorati, ortiqcha hujjat va navbatlarsiz savdo qilishlari, tibbiy xizmatlardan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Odamlar uchun qulaylik oshadi va iqtisodiy aloqalar yanada kuchayadi.