Sakkokiy: “Jahondin ketti tashvishu mabodoyi amon keldi”

Ushbu maqolamizda o‘z davri she’riyatining iste’dodli vakillaridan biri bo‘lgan Sakkokiyning Ulug‘bek davrida Samarqanddagi faoliyati haqida so‘z yuritamiz.

Temuriylar davrida Samarqand va Hirot shaharlari yirik madaniyat ilm-fan markaziga aylandi. Temuriylar naslidan Mirzo Ulug‘bek zamoniga kelib mamlakatda matematika, astronomiya fanlari rivojlandi. Tibbiyot, tarix, adabiyot va diniy bilimlarga e’tibor berildi. Buxoro, Samarqand, G‘ijduvonda madrasalar qurildi. Xuddi shu davrda adabiyot sohasida Atoiy, Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Durbek, Lutfiylarning qimmatli asarlari yaratildi. Ular orasida alohida e’tiborga molik shoir - Ulug‘bek madrasasida faoliyat ko‘rsatgan, o‘zbek mumtoz adabiyotida yorqin iz qoldira olgan, betakror g‘azallar va qasidalar yaratgan yetuk iste’dod egasi – Sakkokiydir. U o‘z qasidalari orqali Mirzo Ulug‘bek nazariga tushgan betakror qalam sohibi edi.

Sakkokiyning tarjimai holi to‘g‘risida o‘zining devoni va Alisher Navoiyning «Majolis un-nafois» va «Xutbai davovin» asarlaridan ba’zi bir ma’lumotlarni bilib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, shoir Yaqiniyning «O‘q va yoy» asarida Sakkokiy turk (o‘zbek) shoirlarining mujtahili (g‘ayratlisi) deb ta’riflanishi, uning o‘z zamonasining zabardast shoirlaridan biri ekanligini bildiradi. Sakkokiy Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandda umrguzaronlik qilib, ijod etgan. Sakkokiy – shoirning taxallusi bo‘lib, uning asl nomi ma’lum emas. «Sakkok» (pichoqchi) so‘zidan, u hunarmand oilada tug‘ilgan degan fikrni taxmin qilish mumkin. Sakkokiy XIV asrning ikkinchi yarmida yoki XIV asrning oxirgi choragida tug‘ilganini esa hijriy 810 (1407–1408) yilda Amir Temurning nabirasi Xalil Sultonga bag‘ishlagan qasidasidagi misrasidan taxminan bilib olish mumkin:

Tarixqa sakkiz yuz dog‘i o‘n erdiyu qadr axshomi,

Bir oy tug‘uddi dunyoda kim mamlakatda xon erur.

Chunki shoir bu qasidasini ancha ijodiy tajribaga ega bo‘lgandan keyin, taxminan 30 yoshlarida yozgan bo‘lishi kerak, deb taxmin qilishadi adabiyotchilar. Bizningcha, Sakkokiy ijodining gullagan vaqti Ulug‘bek hukmronlik qilgan davrlarga (1409–1449) to‘g‘ri keladi. Tarixdan ma’lumki, buyuk munajjim va yetuk davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek ma’rifatparvar podshoh bo‘lish bilan birga ilm-fan, san’at va adabiyot ahlining homiysi ham edi. Ana shu fikrdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Sakkokiy Ulug‘bekdan panoh topgan allomalar sirasiga kirib, uning ijodiy faoliyati odil podshoh bilan bog‘liqdir. Sakkokiy o‘z homiysiga atab qasida bitadi va unda Ulug‘bekni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi va uning dushmanlariga qarshi o‘z so‘zlari bilan zarba beradi. Shoir Ulug‘bekka baho berar ekan, shunday ma’rifatparvar podshoh bilan zamondosh bo‘lganidan faxr hissini tuyadi. Sakkokiyning o‘zi tuzgan devonining bir necha qo‘lyozma nusxalari ma’lum bo‘lsa-da, bu nusxalarning birortasi ham to‘la va mukammal nusxa emas. Jumladan, Londonda, Britaniya muzeyida devonning taxminan XVI asr o‘rtalarida ko‘chirilgan bir nusxasi va Toshkentda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik intstitutida 1937 yilda Shoislom ismli kotib tomonidan qaysidir manbadan ko‘chirilgan nusxasi saqlanadi.

Uning XV asr o‘rtalarida vafot etganligini Navoiyning Samarqandda bo‘lgan yillarida Sakkokiy muxlislari bilan uchrashgani va suhbatlashgani bilan izohlash mumkin. Negaki, Sakkokiy bu davrda hayot bo‘lmagan, agar hayot bo‘lganida Navoiy uning o‘zi bilan uchrashgan bo‘lardi.

Sakkokiy Ulug‘bek madrasasida faoliyat yuritayotgan vaqtida unga atab yozgan qasidasidagi yana bir misraga e’tiborni qaratsak, foydadan xoli bo‘lmas:

Raiyat qo‘y erur, Sulton anga cho‘pon yo bo‘ri,

Bo‘ri o‘lgayu qo‘y ting‘ay, chu Musotek shubon keldi, – deb yozadi.

Bu bilan Sakkokiy o‘sha davrdagi hukmdorlar haqida fikr yuritadi va adolatli hukmdorlarni cho‘ponga, adolatsiz hukmdorlarni bo‘riga o‘xshatadi. Ulug‘bek davlat tepasiga kelishi voqeasini shoir quyidagicha ifodalaydi:

Jahondin ketti tashvishu mabodoyi amon keldi,

Xaloyiq aysh eting bu kun, sururi jovidon keldi.

Ulug‘bekka bag‘ishlab yozilgan qasidada xalq, ulus, raiyat, omonlik, surur, adolat so‘zlari ko‘p uchraydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, zamonasining ilg‘or fikrli kishisi sifatida buyuk shoir Sakkokiy xalq ahvolini o‘ylagan holda, Ulug‘bekdek ma’rifatli hukmdorni davlat tepasiga kelishi xalq uchun yaxshi ish bo‘lganligidan mamnun ekanligini izhor etgan.

Shunday qilib, hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek, Mavlono Sakkokiy ajoyib lirik she’rlar va betakror qasidalar ijod etgan hamda o‘zbek mumtoz adabiyotining ravnaq topib, gullab-yashnashiga ma’lum hissa qo‘shgan buyuk shoirlardan biri sifatida tarihda muhrlandi. Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan; o‘zbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan.

Sakkokiy ijodi zamondoshlarimiz zavqu ehtiromiga har doim sazovor bo‘laveradi. Ayni shu xislatlari bilan u biz uchun ulkan tarbiya maktabi bo‘lib qolaveradi. Ulug‘bek Mirzoning qalam ahliga ko‘rsatgan marhamati esa uning naqadar dono va odil podshoh bo‘lganini isbotlaydi.

Asliddin Safarov,

Registon ansambli gidlar bo‘limi boshlig‘i.