Samarqand: 1991-2021
2021 yil sentyabr oyida xalqimiz mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan olamshumul voqea - O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilinganiga o‘ttiz yil to‘lishini munosib nishonlaydi. Ushbu sana munosabati bilan saytimizda “Samarqand: 1991-2021” ruknini tashkil etdik.
Unda mustaqillik yillarida Samarqand viloyatida amalga oshirilgan islohotlar, xalqimizning yaratuvchanlik va bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy va madaniy o‘zgarishlar haqida muhim ma’lumot, jarayonlar aks etgan surat va videolavhalar berib boriladi.
Bu borada viloyat “Zarafshon” gazetasida chop etilgan maqola, fotosurat va xabarlardan foydalanishni lozim topdik.
Davlat tili – davlatim!
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi qismida shu paytga qadar ham kundalik ma’lumotlarni tayyorlash rus tilida edi.
- Davlat tili haqidagi qonunga xilof bo‘lsa-da biz shunga majbur edik, - deydi qismning muhim topshiriqlar bo‘yicha katta inspektori Yo‘ldosh Nasriddinov. – Chunki viloyat partiya komiteti, qolaversa boshqarmaning ba’zi sobiq rahbarlari o‘zbekchani bilmasligi ro‘kach qilinib, biz hujjatlar yuritishni rus tilida olib borardik.
Uzoq yillar davomida rus tilida ish yuritishga odatlanish ham “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosiga to‘sqinlik qilardi. Mana, yaqinda boshqarma boshlig‘i bizning bu boradagi taklifimizni ma’qulladi. Natijada o‘zbek tilida bosadigan yozuv mashinasiga ega bo‘ldik. Bir necha fursat davomida huquqiy so‘zlar o‘zbek tilida qanday bo‘lishi bilan chuqur shug‘ullandik. Qisqasi, 20 sentyabrdan boshlab kundalik ma’lumotlarni davlat tilida tayyorlayapmiz.
To‘g‘risi, davr taqozosi bilan o‘z tilimizni ham qariyb unutayozgan ekanmiz. Davlat tilida ish yuritish yigitlarimiz uchun ancha qiyin bo‘ldi. Lekin har qalay o‘z tilingda ish yuritayotganingdan zavqlanar ekansan. Qisqasi, ona yurtingda ona tilingda ish yuritish huquqini biz huquq-targ‘ibot posbonlari amalda qo‘llay boshlaganimizdan xursandman.
T.Qamarov.
("Zarafshon", 1991 yil 9 oktyabr, 194-son)