Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti jamoasi “Istiqlol umidlari” tanlovida g‘olib bo‘ldi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi tashkilotlar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda vazirlikning hududiy bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshdan oshmagan yosh xodimlar va davlat xizmatchilaridan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida “Istiqbol umidlari” tanlovi tashkil etilmoqda. Kecha “Istiqbol umidlari” tanlovining dastlabki bosqichiga start berildi.
Tanlovda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan 7 ta oliy ta’lim muassasalari qatnashdi.
Qiziqarli va bahs-munozaralarga boy o‘tgan musobaqada Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining “Agroleaders” jamoasi 3-o‘rinni, Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutining “Sahro umidlari” jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining “Agrointellekt” jamoasi esa faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘llanma oldi.
Mazkur tanlov 4 bosqichda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda qishloq xo‘jaligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari, ikkinchi bosqichida ilmiy-tadqiqot institutlari, uchinchi bosqichda vazirlikning hududiy boshqarmalari va to‘rtinchi bosqich vazirlik tizimidagi yuqori turuvchi ijro organlari o‘rtasida o‘tkaziladi.
Har bir bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 4 ta jamoa joriy yilning dekabr oyida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni arafasida final bosqichida ishtirok etadi.
Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutining “Agrointellekt” jamoasi dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan final o‘yinida institut sha’nini himoya qiladi.