Samarqand aholisi qachon markazlashgan issiqlik tizimidan foydalanadi?
Ochig‘ini aytganda, deyarli har yili ana shu savol bilan mutasaddilarga yuzlanamiz va har doim ijobiy javob olamiz: tizim tiklanadi!
Samarqandda issiqlik tizimini tiklash borasidagi loyihalar 2015 yildan beri aytib kelinadi. Bir safar mutasaddilar sohaga davlat dasturi asosida katta mablag‘ ajratilishini ma’lum qilsa, boshqa gal mas’ullar tizimni tiklash uchun katta miqdorda xorijiy mablag‘ jalb etilayotganini aytib, kelgusi yil albatta, issiqlik tizimi ishlashiga va’da beradi. Biroq necha yilki, sohani oyoqqa turg‘azish haqidagi rejalar hech amalga oshmaydi.
Mutaxassislar 30 yil davomida bu sohaga yirik investitsiya kiritilmagani, tarmoqlar eskirib, ishdan chiqqani, xuddi shunday, qozonxonalar ham allaqachonlar “yoshini o‘tab bo‘lganini” aytishdi.
Soha iste’molchilar tomonidan ham, OAV tomonidan ham «bearmon» tanqid qilindi, ko‘plab rahbarlar ishdan olindi, ammo o‘zgarish bo‘lmadi. Markazlashgan issiqlik tizimidan foydalaniladigan ko‘p qavatli uylar soni yil sayin kamaya bordi. Ayni vaqtga kelib Samarqand shahrida markazlashgan issiqlik ta’minotidan foydalanayotgan ko‘p qavatli uylar 13 tani tashkil etadi. Bugungi haqiqat ana shu!
Tanqid o‘z yo‘liga. Bugungi maqolada viloyat “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi, umuman, tizimdagi real vaziyat bilan tanishib o‘tamiz.
Samarqanddagi eng yirik, o‘z vaqtida aholining katta qismini issiqlik bilan ta’minlagan qozonxona bu - siz suratda ko‘rib turgan RK-2 inshooti hisoblanadi. Ushbu qozonxona 1962 yilda qurilgan. Ya’ni, bundan 62 yil oldin qurilgan. Bir vaqtlar mana shu inshootning o‘zi Registondan Sartepagacha bo‘lgan (ko‘p qavatli uylar va korxona tashkilotlarni issiqlik bilan ta’minlagan: 381 ta ko‘p qavatli uydagi 22 mingga yaqin xonadon isitilgan. Yillar davomida issiqlik trassasi, ichki tarmoqlar va inshootning o‘zi eskirib, ishdan chiqa boshlagan, shu davr mobaynida tarmoqlar deyarli yangilanmagani sababli isitiladigan uylar soni tobora qisqarib boravergan.
Oxirgi marta bu qozonxona 2016 yilda shaharning Sartepa mavzesidagi uylarga issiqlik bergan. O‘sha yili sovuq kunlarning birida elektr tokidagi uzilish sabab suvlar muzlab, hududdagi tarmoqlar ham ishdan chiqqani aytiladi. Xullas, kichik bir avariya sabab bu hudud ham markazlashgan issiqlikdan mahrum bo‘lgandi.
Keyingi qozonxonalar tarixi ham shunga o‘xshash, shaharni issiqlik bilan ta’minlagan yana uch qozonxonaning ikkitasi 1973 yilda, yana bittasi 1974 yilda qurilgan. Shundan keyin mana, yarim asr o‘tib ham shaharda yirik markazlashgan qozonxona qurilgan emas. Qurilmagani mayli, borlari ham o‘z vaqtida modernizatsiya qilinib, saqlab qolinmadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yillar davomida «Issiqlik manbai» balansidagi ayrim mulklar viloyat Kengashi qarori bilan xususiy tadbirkorlarga berib yuborilgan holatlar ham bor...
Xo‘sh, yuqoridagi asosiy savol: Issiqlik ta’minoti tiklanadimi?
- Shahardagi eng yirik RK-2 qozonxonasini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish uchun Jahon banki tomonidan 30 million dollar ajratilgan bo‘lib, tender savdolari o‘tkazilgan va pudratchi tashkilotlari tomonidan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda, - deydi “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi mutaxassisi Jamoliddin Husanov. - Bu ishlar yakunlangach, shahar bo‘ylab 381 ta ko‘p qavatli uy, 22 ta ijtimoiy soha ob’yekti issiqlik bilan to‘liq ta’minlanadi. Faqat ushbu qozonxona hamda tarmoqlar modernizatsiya va rekonstruksiyasi 2026 yilda to‘liq yakuniga yetadi.
Mutaxassisning ma’lum qilishicha, shahardagi yirik qozonxonalardan yana biri — RK-1 modernizatsiyasi ayni vaqtda tugatilgan, faqat endilikda eskirgan tarmoqlarni yangilash va aholi xonadonlariga ulash jarayonlari davom etmoqda. Tez orada ushbu ishlar yakuniga yetib, 93 ta ko‘p qavatli uy markazlashgan issiqlik tarmog‘iga ulanadi. Tahririyat albatta, bu jarayon yakunini ham kuzatib boradi.
Umuman olganda, bugungi kunda issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat shunday: viloyat “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi tasarrufida 13 ta qozonxona ishlab turibdi. Ulardan biri (asosiysi) Nurobod tumanida bo‘lib, 94 ta ko‘p xonadonli uy va 20 ta ijtimoiy soha ob’yektiga issiqlik beradi. Samarqand shaxrida joylashgan yana 12 ta inshoot esa lokal qozonxona bo‘lib, asosan 2-3 tadan ob’yektga issiqlik yetkazadi.
Mazkur qozonxonalar kuz-qish mavsumida jami 112 ta ko‘p qavatli uy-joylardagi 3048 xonadon hamda 38 ta ijtimoiy soha ob’yektlariga issiqlik energiyasini yetkazib bermoqda.
Ko‘rib turganingizdek, asosiy umid endilikda foydalanishga topshirilishi kutilayotgan yirik qozonxonalardan. Ular ishga tushgach, eng yirik aholi manzillarida muammo hal etilishi mumkin. Shu bilan birga, tabiiy gaz va elektr energiyasi sarfi ham sezilarli kamayib, ushbu tizimlardagi zo‘riqishlar oldi olinadi. Hamma gap loyihalarning bu safar oxirigacha borishida.
Darvoqe, mutasaddiga ko‘ra, joylarda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qozonxonalar ham foydalanishga topshirilmoqda. Masalan, Bulung‘ur tumanida qurib bitkazilgan qozonxona allaqachon 10 ta ko‘p qavatli uyga issiqlik yetkazmoqda. Qolgan ob’yektlar ham ishga tushsa, issiqlikka ulanishi ma’lum qilindi. Xuddi shunday Urgutdagi “Yangi O‘zbekiston” massivida uylar issiqlik tizimiga ulanishi ko‘zda tutilgan.
Yirik shaharlarda issiqlik tizimi bo‘lmasa, qanday oqibatlar yuzaga kelishini achchiq tajribamizdan bilamiz (kuz-qish mavsumidagi gaz bosimi pasayishi ortidan yog‘iladigan shikoyatlar, yonib ketgan transformatorlar va hokazo). Shunday ekan, tumanlarda har yili ko‘p qavatli uylar qurilayotgani ortidan taklifimiz shu: bunday aholi maskanlari albatta, issiqlik qozonxonalari bilan birga topshirilishi shart.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Baxtiyor MUSTANOV, operator.