Samarqand arxeologiya instituti tiklandi
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 avgustdagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Samarqand arxeologiya instituti negizida Madaniy meros agentligi tizimida davlat muassasasi shaklidagi Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti (“Arxeologik topilmalar fondi” noyob ilmiy ob’yekti bilan) hamda institutning yuridik shaxs bo‘lmagan Buxoro filiali tashkil etildi.
Institutga Fanlar akademiyasi Samarqand arxeologiya institutining mavjud 52 ta shtat birligi o‘tkaziladi. Buxoro filiali uchun qo‘shimcha 5 ta shtat birligi ajratiladi.
Mazkur institut respublikamiz hududida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarni ilmiy-uslubiy jihatdan yo‘naltirish hamda tabiiy fanlarning zamonaviy tadqiqot uslublarini arxeologik izlanishlarga keng joriy qilish faoliyatini amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan davlat ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi tashkil etilishi bilan Ya.G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti mazkur markazning yuridik shaxs bo‘lmagan filiali shaklida tashkil etilgandi.
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz hududida amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlarga bosh bo‘lgan, muhim tarixiy faktlar, ma’lumotlarni aniqlashga xizmat qilgan va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ilmiy muassasaning yana o‘z maqomida ish boshlashi adolatli qaror bo‘ldi.