Samarqand – asrlarni o‘zida mujassam etgan tarix
Samarqand nafaqat O‘zbekistonning, balki dunyo tamaddunining eng qadimgi markazlaridan biri bo‘lib, jahon madaniyati va fani rivojiga katta hissa qo‘shgan shaharlardan. Temuriylar yaratgan arxitektura yodgorliklari bugun dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Mustaqillik yillarida Samarqand shahridagi madaniy merosimiz, tarixiy arxitektura yodgorliklarini tiklash va qayta ta’mirlash, ayniqsa, eski shahar qismini qayta qurish, obodonlashtirish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirildi. Bugun tarix va zamonaviylik uyg‘unligi asosida qad rostlagan al-Moturidiy, qayta tiklanayotgan Imom al-Buxoriy majmualari shular jumlasidan.
Samarqandning tarixiy madaniyati ildizlari eramizdan avvalgi I ming yilliklarga borib taqaladi. Asrlar mobaynida 10-15 metrgacha ko‘milib ketgan arxeologik qazilmalari bilan mashhur bo‘lgan qadimiy Afrosiyob aholisi VI-VIII asrlarda hozirgi Samarqand shahri yaqinidagi tepaliklarda, taxminan 2 kvadrat kilometr maydonda yashagan. Samarqand shahrida qad rostlagan obida-yu inshootlar ko‘rkamligi, mahobati hamda ulug‘vorligi bilan o‘z davrida nom qozongan. Bugun ham ushbu an’ana davom etmoqda. Me’morchilik namunalari devorlaridagi naqshlar, turli ko‘rinishdagi geometrik shakllarning barchasi muayyan ma’no kasb etishi bilan ham o‘ziga xos.
Qadimgi Afrosiyob tepaliklari bo‘ylab Shohizinda me’morchilik ansamblining 11 ta maqbara hamda majmuasi joylashgan bo‘lib, ular qandaydir reja asosida emas, o‘z-o‘zidan yuz yillar davomida barpo etilgan. Shohizinda (“Tirik shoh”)ning shuhrati Afrosiyob gullab-yashnagan davrlarda shu darajada yuqori ediki, o‘sha davrdagi islom peshvolari u bilan kurashishga hayiqishganligi manbaalarda keltirib o‘tilgan. Uning shuhrati to‘g‘risida xalq orasida afsonalar mavjud. Ulardan biri Muhammad Qusam ibn Abbos payg‘ambarimizning amakivachchasi ekanligi haqida.
Eski shaharga kirish darvozasi oldidagi maydonda joylashgan “Bibixonim” nomidagi go‘zal masjid esa to‘rtta inshootdan iborat bo‘lib, bir-biri bilan aylanma gumbazli va uch qatorli tosh devorlar orqali bog‘langan - kirish galeriyasi, asosiy masjid va ikkita kichik masjidlardir.
Samarqand – har bir obidasi, inshootida yillar, asrlarni mujassam etgan o‘ziga xos tarix, afsonaviy shahar. Jahon tamadduniga beshik bo‘lgan bu shaharning tarixiy ildizlari, rivoji hamda jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi xususida nafaqat mamlakatimiz olimu fozillari, balki jahonning taniqli tadqiqotchilari ham izlanishlar olib borib, hali hanuz yangidan-yangi ma’lumotlar taqdim etishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘hna Samarqand necha asrlarki, insoniyatni lol qoldirishda davom etmoqda.
Farangiz JABBOROVA,
Registon ansambli gid-ekskursavodi.