Samarqand davlat chet tillar instituti bitiruvchilari qayerda ishlaydi?

Bugun mazkur oliy ta’lim dargohida bitiruvchilarni ish joylariga taqsimlash maqsadida o‘tkazilgan “Karera kuni” mehnat yarmarkasida 270 nafar bo‘lajak mutaxassisning ish joyi aniq bo‘ldi.

Ular viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufiddagi ta’lim muassasalari, “Air Marakanda” va turistik korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi.

2024-2025 o‘quv yilida Samarqand davlat chet tillar institutini 3479 nafar yigit-qiz bakalavr yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha bitirmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 14 fevralda qabul qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbir doirasida viloyatdagi 60 dan ortiq korxona va tashkilot bo‘lajak yosh mutaxassislarga 1000 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlarini taklif etdi. Bitiruvchilar mazkur bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi va ish beruvchi korxonalar mas’ullari bilan suhbatlashdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan institut rektori B.Xoliqov va asosiy ish beruvchi tashkilot — viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Hamdamovlar mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ahamiyati, ta’lim sifatining oshishiga qaratilgan e’tibor, kelajagimiz vorislari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida gapirdi. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona foydalansa, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari mumkinligi alohida ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda yildan-yilga oliy ta’lim muassasalari va ularda  tayyorlanayotgan mutaxassisliklar hamda o‘z navbatida talabalar soni oshib bormoqda, – dedi institut rektori Bahodir Xoliqov tadbir doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. – Endi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash kun tartibidagi asosiy masala bo‘lmoqda. Mamlakatimiz mehnat bozori uchun har qanday raqobatga bardoshli, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan yosh mutaxassislarni tayyorlash Samarqand davlat chet tillar institutining ham asosiy maqsadi hisoblanadi. Bitiruvchilarimiz asosan, maktablarda xorijiy tillar o‘qituvchilari sifatida ishlaydi, shuningdek, sayyohlik sohasi uchun ham bilimdon gid-tarjimonlar tayyorlaymiz. Endilikda bo‘lajak o‘qituvchilarni maktablarga ishga qabul qilishda ulardan xorijiy til bilish darajasi bo‘yicha sertifikat so‘raladi. Bu esa har bir talabaning birinchi navbatda shunday sertifikatga ega bo‘lishi uchun ko‘p o‘qib-izlanishini taqozo etadi. Turistik sohada ishlash uchun ham yosh mutaxassis nazariya bilan birga amaliyotni chuqur o‘zlashtirishi lozim. Shuning uchun biz ushbu yo‘nalishda dual ta’limni yo‘lga qo‘yib, ayrim kafedralarimizning turistik ob’yektlarning o‘zida faoliyat ko‘rsatishini tashkil etyapmiz.

Karera kuni tadbirlarida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, turizm boshqarmasi va bir qator sayyohlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etib, bitiruvchilar bilan suhbatlashdi, ularning bilim va malakasiga baho berdi.

Muhammadjon Zayniddinov.