Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2023 yilda qanday ishlar amalga oshirildi?
SamDTUda yil davomida ilmiy, amaliy, ta’lim va tashkiliy ishlarda ko‘plab yutuqlarga erishildi. Jumladan, universitet qoshida zamonaviy, 7-avlod robotlari bilan jihozlangan simulyasion markaz va L.Isayev nomidagi mikrobiologiya, virusologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti ochildi. Bundan tashqari, talabalar uchun xususiy sheriklik asosida zamonaviy yotoqxona qurib foydalanishga topshirildi.
Universitetda amalga oshirilgan ishlar samarasi o‘laroq, oliy ta’lim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Education e’lon qilgan 2023 yil uchun Impact reytingida (THE Impact Rankings 2023) mamlakatimizning 30 ta oliy ta’lim dargohi qatorida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ham e’tirof etildi va oliygoh ushbu reytingdan respublika oliy ta’lim muassasalari ichida 10-o‘rinni o‘rin egalladi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, universitet xalqaro reytingda UniRank tizimida O‘zbekiston bo‘yicha birinchi o‘rinni qayd etdi.
Ta’lim sohasida talabalarga bir qator yengilliklar, yangi imkoniyatlar yaratildi. Bu esa talabalarning nafaqat viloyat va respublika, balki xalqaro miqyosdagi tanlov va musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishiga zamin yaratdi. Shuningdek, yil davomida Samarqand davlat tibbiyot universiteti ko‘plab respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar, olimpiada va talabalar yozgi maktablariga mezbonlik qildi.
Universitet xalqaro hamkorlik borasida ham katta qadam bilan yurish qilib, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Xususan, 2023 yilda Samarqand davlat tibbiyot universiteti jahonning bir qator mamlakatlari, jumladan, Hindiston, Italiya, Rossiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Germaniya, Turkiya, Belarus, Xitoy va AQSh davlatlarining ta’lim muassasalari va klinik bazalari bilan hamkorlikda 40 dan ortiq memorandumlarni imzoladi.
Xalqaro hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishda ham katta yutuqlarga erishildi. Shu bilan bir qatorda tibbiyotning zamonaviy sohalari hisoblangan kosmetologiya, bioinjeneriya, bioinformatika va menejment, sog‘liqni saqlash menejmenti yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirildi. Shuningdek, kelgusi o‘quv yilidan boshlab Germaniyaning OPASCA tashkiloti bilan “Hamshiralik ishi” yo‘nalishi bo‘yicha "2+1" shaklidagi dasturni amalga oshirish, AQShning Vebster universiteti bilan tibbiy biologiya va oliy hamshiralik bo‘yicha malakali mutaxassislarni Amerika standartlari asosida tayyorlash borasida kelishuvga erishildi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari va tibbiy xodimlari yil davomida xorijiy mamlakatlarda akademik mobillik doirasida malaka oshirdi. Amaliy tibbiyotda ham universitetda ko‘plab yutuqlarga erishildi. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasida Istanbul shahridagi “Medical Park” tibbiyot markazi bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.