Samarqand davlat universiteti 600 yoshda: Deputatlar yubiley tantanalari sentyabrda o‘tkazilishiga ruxsat berdi
- Tarixdan ma’lumki, 1420 yilda Mirzo Ulug‘bek madrasasi ta’sis etilib, oliy o‘quv yurti sifatida uzluksiz faoliyat olib borgan, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. – Universitet mazkur madrasai oliyaning merosxo‘ri ekanligi bir qancha ilmiy tezislar bilan isbotlangan.
Shu bois joriy yilda universitetning 600 yillik yubileyini o‘tkazish viloyatning yuqori organi – xalq deputatlari viloyat Kengashidan so‘raldi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining bugun bo‘lib o‘tgan sessiyasida ushbu masala atroflicha muhokama qilindi.
Deputatlar viloyat hokimligi va keng ilmiy jamoatchilikning takliflarini inobatga olib, joriy yil sentyabr oyida Samarqand davlat universitetining 600 yillik yubileyi tantanali ravishda o‘tkazilsin, degan qarorga kelishdi.
Sessiya qarori bilan yubileyni tashkil etish va o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi tarkibi tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mitaga fundamental va ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi nazariy va amaliy tadqiqotlarga oid yutuqlarni keng yoritish hamda milliy ta’lim strategiyasini hayotga tatbiq etish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklandi.
Yubiley tantanalari doirasida “O‘zbekistonda ilm-fan, oliy ta’lim tizimining shakllanishi va taraqqiyotida Samarqand Davlat universitetining tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkaziladi.
Yosh olimlar, iqtidorli talabalar, o‘rta maktab va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun turli tanlovlar, fan olimpiadalari va festivallar tashkil etiladi.
“Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi (N.Safarov) ishchi guruhining buyurtmasiga asosan universitet fakultetlari joylashgan hududlar, Universitet xiyoboni atrofi, Registon maydoni, Shoirlar xiyoboni mamlakatimiz ilm-fani rivoji va taraqqiyotini, Samarqand davlat universiteti olimlari erishgan yutuqlarni targ‘ib etuvchi pannolar, shiorlar, hikmatli so‘zlar yozilgan bannerlar, reklama bilbordlari bilan jihozlaydi.
Samarqand davlat universiteti yubileyini tashkil qilish va o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.