Samarqand davlat universiteti Ulug‘bek madrasasi davomchisi
Tarixiy tadqiqotlar Sharq mamlakatlaridagi dastlabki bilim maskanlari-zardushtiylik dinining ibodatxonalarida bilimdon ruhoniylar, oqsoqollar yoshi ulug‘ tajriba va bilimga ega nufuzli a’zolari tomonidan olib borilgan darslar to‘g‘risidagi arxeologik ma’lumotlar qadimgi Xorazm madaniy yodgorliklarida saqlanib qolgan.
Qadim Xorazm dunyo madaniyati ilm va fanining taraqqiyotida alohida ahamiyat kasb etadi. Matematika, astronomiya, geometriya, adabiyot, tarix kabi fanlarning rivojlanishida Xorazm vohasi mutafakkirlarning xizmalari nihoyatda buyukdir. Dunyo tabiiy fanlarining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan Al-Xorazmiyning matematika fanidagi xizmatlari evaziga Movarounnahr va qadimgi Sharqda fanlar sifat darajasida rivojlandi.
Islom tamaddunining yoyilishi natijasida VIII ‒ IX asrlardan boshlab uni o‘rganish va targ‘ib etishga loyiq kadrlarni tayyorlash ehtiyoji ham maydonga keldi. Shuning natijasida islomiy sivilizatsiyaga asos solindi. Arabistondan Ispaniyaning Andalusiyasigacha, jumladan, O‘rta Osiyoda ham maktab madrasa va madrasayi oliyalarning paydo bo‘lishiga katta e’tibor qaratildi.
Samarqandda bunday madrasa va madrasayi oliyalarning maydonga kelishida asosiy omillardan biri islom sivilizatsiyasining yetuk mutaxassislarga bo‘lgan katta ehtiyoji bo‘lsa, ikkinchisi Samarqandning o‘sha davr madaniy, ilmiy iqtisodiy va tijoratda tutgan katta mavqeyida ham edi. Madrasalar ta’lim tizimi IX ‒ X asrlarda Movarounnahrning yirik madaniy markazlari - Samarqand, Buxoro, Ko‘hna Urganch, Balx va Nishopurda paydo bo‘lgan. X asrning oxiriga kelib Samarqandda 17 ta madrasa bo‘lgan. Shaharda madrasalarning soni XI ‒ XII asrlarda va XIII asr boshida orta bordi va faoliyati ham rivojlandi.
XV asrda Movarounnahr, Xurosonda va umuman Markaziy Osiyoda, xususan Samarqandda fan va madaniyatning yangidan tug‘ilishi Amir Temur va uning nabiralari Muhammad Sulton va Mirzo Ulug‘bekning nomi bilan bog‘liq. Amir Temur hayotligi davrida saltanatining turli yerlaridan Samarqandga kelgan Mas’ud Taftazoniy, Sayid Sharif Jurjoniy, Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Koshiy va boshqalar Samarqand ilmiy maktabining poydevoriga asos soldilar.
«Dorul hikmat» olimlari riyoziyot, ilmi hay’at, handasa, jo‘g‘rofiya, tarix, ilmu nujum, tibbiyot, musiqa, mantiq, aruz (she’riyat), ilmi hisob, teologiya, hadis, fiqh, adab, ilmi hikmat, ilmi kalom, arab tili kabi fanlarning turli sohalarida asarlar yaratgan va shu fanlar madrasi oliyada o‘qitilgan.
Mirzo Ulug‘bek Samarqandda to‘plangan ilmiy kuchlar, mohir muhandislar maslahati bilan mamlakatda, jumladan poytaxt Samarqandda ta’lim tizimi va ilmiy tadqiqotlarning samarali tarzda amalga oshirish maqsadida keng ko‘lamli qurilish ishlarini boshlab yubordi. Shunisi borki, bu ishlarni boshlashdan oldin, ta’lim tizimi va ilmiy tadqiqotlar uchun madrasa va madrasa majmualarining maqsadi, vazifasi, joyi, me’morlari hamda har bir inshootning o‘sha davrda qo‘lga kiritilgan tajribalar va nazariy jihatdan asoslangan bo‘lishiga katta e’tibor qaratilgan Mirzo Ulug‘bek tomonidan Samarqandda barpo qilingan inshootlar ichida Rasadxona (1424 ‒ 1429) tarixiy-ilmiy ahamiyat kasb etadi. Samarqand astronomlarining mahorati asosiy asbobning juda katta bo‘lishi va tuzilishining mukammalligini ta’minladi. Bu esa Quyosh, Oy va boshqa yoritgichlarni katta aniqlikda kuzatish imkonini berdi. Kvadrantning janubiy qismi yer ostida, qolgan qismi shimoliy tomonda yer sathidan 30 m. cha balanda joylashgan.
Asbob aylanasida bir gradus yoy 701,85 mm. va bir minut yoy 11,53 mm. ga to‘g‘ri keladi. Mirzo Ulug‘bek va uning astronomiya maktabi tomonidan yaratilgan ilmiy kashfiyotlar Al Xorazmiyning matematika sohasida qo‘lga kiritgan yutuqlarining amaldagi ifodasi bo‘ldi desak adashmaymiz.
SamDUning jahondagi nufuzli ilmiy va o‘quv markazlari orasida alohida mavqega ega bo‘lishida uning bag‘rida shakllangan ko‘plab ilmiy maktablar va muammoviy ilmiy tadqiqotlar laboratoriyalarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Bular jumlasiga: o‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligi, falsafa, tarix-arxeologiya, molekulyar optika, yadro va kosmik nurlar fizikasi, differensial tenglamalar va matematik fizika, botanika, zoologiya, biokimyo, organik va analitik kimyo kabi qator ilmiy maktablarini misol sifatida keltirish mumkin.
O‘zbekiston hududida ta’lim tizimining shakllanishi va rivojlanishi tarixini manbalar asosida tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassalarini tashkil etilish sanasi Temuriylar davri xususan Ulug‘bek madrasasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uning bevosita vorisi Samarqand davlat universitetidir. Boshqacha aytganda, Samarqand-Ulug‘bek universitetining tamal toshi 1420 yili madrasayi oliyaning ochilish marosimida qo‘yilgan.
Gavhar DURDIYeVA,
Oliy Majlis Senati a’zosi,
Xorazm Ma’mun akademiyasi ilmiy laboratoriyasi mudirasi,
Urganch davlat universiteti professori.
O‘zA.