Samarqand – yer yuzining sayqali, ma’naviyat va ma’rifat markazi

Samarqand sharq va g‘arbni bog‘lovchi yo‘llar chorrahasida joylashgan, ko‘plab tamaddunlar, dinlar va ilm-ma’rifat oqimlarining tutashgan nuqtasi sifatida tarixga muhrlangan. Ming yilliklar davomida Samarqand ma’naviy va madaniy tafakkur markazi bo‘lib xizmat qilgan.
Samarqand haqidagi ma’lumotlar qadimgi so‘g‘d, yunon-rim va xitoy manbalarida, shuningdek, arxeologik va etnografik tadqiqotlar hamda xalq og‘zaki ijodida ham o‘z aksini topgan. Bu manbalar orqali shaharning tarixiy kelib chiqishi, etnik tarkibi, madaniy-ma’naviy hayoti va uning o‘ziga xos tamadduniy o‘rni haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Samarqand jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lib, 2700 yildan ziyod tarixga ega. Miloddan avvalgi IV asrdan milodiy VI asrgacha Samarqand Sug‘d davlatining poytaxti sifatida xizmat qilgan. Xitoy tarixchisi Chjan Syan, yunon va rimlik tarixchilar Arrian, Kursiy Ruf va boshqa ko‘plab mualliflarning asarlarida bu haqda yozib o‘tilgan. Jumladan, Rim tarixchisi Kvint Kursiy Ruf (mil. av. I asr oxiri - mil. I asr)ning ma’lumotlariga ko‘ra, Samarqand shahrining devor aylanasi taxminan 10,5 km ni tashkil etgan.
Miloddan avvalgi 329 yilda Aleksandr Makedonskiy qo‘shinlari shaharni egallab, katta vayronagarchilikka sabab bo‘lgan. Qadimgi yunon va rim manbalarida Marakanda, Marganda va Margandi shakllarida qayd etiladi. Bu yunon va lotin tillarida “Samarqand” so‘zining o‘zgargan shakli bo‘lib, tarixiy haqiqatga nisbatan yaqin hisoblanadi. VI asr o‘rtalari va VII asr boshidan Samarqand Turk xoqonligi tarkibiga kirib, mahalliy hokimlar tomonidan boshqarilgan. Qalayi Mug‘ tog‘idan topilgan so‘g‘diy hujjatlarda shahar Samarkant nomi bilan uchraydi. Bu davrda shahar Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya kabi yirik davlatlar bilan savdo aloqalari olib borgan. Xitoyning qadimgi va o‘rta asr yilnomalarida Samarqand shahri, uning atrofi va hukmdorlari turli shakllarda tilga olingan. Bu manbalarda Samarqand “Kan”, “Samogan”, “Limogan”, “Sivingin” va “Saymayerkan” kabi variantlarda qayd etilgan. Ushbu atamalar, ehtimol, xitoy manbalarining mahalliy nomlarni o‘z fonetik tizimiga moslashtirib yozish natijasida vujudga kelgan bo‘lib, tarixiy toponimik tahlil uchun muhim manba hisoblanadi.
712 yili Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arab qo‘shinlari Samarqandni zabt etgan. At-Tabariyning ma’lumotiga ko‘ra, arablar shahristonda masjid va minbar qurgan, mahalliy aholidan tortib olingan qimmatbaho buyumlar, xususan, oltin va kumushdan yasalgan butlarni eritib, xalifalik markaziga olib ketgan. Arablar Samarqandni “Samaroy” deb ataganlar. IX–XII asrlarda Movarounnahrda hokimiyatni turli sulolalar boshqaradi. Jumladan, mahalliy zamindorlardan Somoniylar so‘ngra Qoraxoniylar, Saljuqiylar sulolasi qo‘liga o‘tgan. Bu davrda Samarqand Qoraxoniylar davlatining muhim siyosiy va madaniy markazlaridan biriga aylandi.
XI asrda yashab o‘tgan yirik allomalar Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshg‘ariy “Samarqand” atamasiga tilshunoslik nuqtai nazaridan tahlil berganlar. Ularga ko‘ra, “Samarqand” nomi “Semizkent”, ya’ni “semiz qishloq” yoki “boy shahar” ma’nosini anglatuvchi so‘zdan kelib chiqqan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan fonetik o‘zgarishga uchragan. Bu yerda “semiz” so‘zi ulkan, katta, ma’naviy va iqtisodiy boylik ma’nosida qo‘llanilgan.
1220 yilda Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Samarqandga bostirib kirib, shaharni vayron etdi, ko‘plab aholini qirib tashladi va tirik qolganlar shaharni tark etdi. Shuningdek, bir necha yil o‘tgach, Samarqand asta-sekin qayta tiklana boshladi. XIII asrning ikkinchi yarmida bu shaharga tashrif buyurgan venetsiyalik sayyoh Marko Polo uni “Sarmakan, Sonmarkon - katta va mashhur shahar” deb ta’riflagan. Mo‘g‘ullar hukmronligi davrida Samarqand Chig‘atoy ulusi tarkibida bo‘lgan.
XIV asr oxiri va XV asr boshlarida Samarqand iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan sezilarli ravishda yuksaldi. Amir Temur tomonidan Samarqand ulkan saltanatning poytaxtiga aylantirildi va tez orada jahon miqyosida tanildi. Uning boshqaruvi davrida shahar nafaqat harbiy-siyosiy markaz, balki ilm-fan va madaniyatning yurti sifatida ham yuksak nufuzga ega bo‘ldi. Amir Temur Samarqandni o‘zgacha mehr bilan qadrladi, obod qildi, dunyoning sayqaliga aylantirdi. Akademik, sharqshunos V.V.Bartold ta’kidlaganidek, “Amir Temur fikriga ko‘ra, Samarqand jahonning birinchi va eng go‘zal shahriga aylanishi lozim edi. Bu g‘oya uning amaliy siyosatidan, qurilish ishlariga alohida e’tibor qaratayotganidan va shahar madaniyatini rivojlantirishga intilishidan yaqqol namoyon bo‘ladi”.
Samarqand Amir Temur va temuriylar davrida sharq va g‘arbning yirik davlatlari bilan keng savdo-iqtisodiy aloqalar o‘rnatgan. Qadimgi Ipak yo‘lining muhim nuqtalaridan biri sifatida shahar xalqaro savdo va diplomatik munosabatlarda muhim o‘rin tuta boshladi. Bu davrda Samarqandda ko‘plab hashamatli va me’moriy jihatdan mukammal inshootlar barpo etildi, ular hanuzgacha o‘zining tarixiy qimmatini yo‘qotmagan.
Amir Temur vafotidan so‘ng, Samarqand taxtiga uning nabirasi, buyuk mutafakkir va hukmdor Mirzo Ulug‘bek o‘tirdi. Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida shahar yanada obod bo‘lib, ilm-fan, madaniyat va me’morchilik sohalarida yangi rivoj bosqichiga ko‘tarildi. Qurilish ishlari keng ko‘lamda davom ettirildi, masjidlar, madrasalar va obodonchilik ob’yektlari vujudga keltirildi. Mirzo Ulug‘bekning ilm-fanga munosabati natijasida Samarqand o‘z davrining ilmiy markaziga aylandi. Uning tashabbusi bilan qurilgan madrasa va rasadxona shaharning ilm-fan sohasidagi nufuzini jahon miqyosida oshirdi.
XV asr oxirida Samarqand uchun siyosiy kurashlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Shahar avval Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan boshqarilgan bo‘lsa, keyinchalik Muhammad Shayboniyxon hukmronligi ostiga o‘tdi. Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarida Samarqand “Semirqand” ya’ni “semiz shahar” nomi bilan atalgan. Bu davrdan boshlab, ya’ni XVI asrning oxirigacha Samarqand Shayboniylar davlatining siyosiy va ma’muriy poytaxti sifatida faoliyat yuritdi. Keyingi davrlarda Samarqand avval Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligidagi Buxoro xonligi, keyin esa Mang‘itlar sulolasi boshqaruvidagi Buxoro amirligi tarkibiga kirdi. Ashtarxoniylar davrida Samarqandda hokimlik qilgan yirik siyosiy va harbiy arbob Yalangto‘sh Bahodir shaharning madaniy-ma’rifiy yuzini o‘zgartiradigan muhim bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Uning tashabbusi bilan Registon maydonida qad rostlagan Sherdor va Tillakori madrasalari buning yaqqol isbotidir. Ushbu me’moriy obidalar nafaqat o‘z zamonasida, balki keyingi asrlarda ham Samarqandning ma’naviy va ma’rifiy hayotida alohida o‘rin egalladi. Samarqand XIX asrda baland devor bilan o‘ralgan bo‘lib, uning Buxoro, Paykobod, Shohi Zinda, Qalandarxona, So‘zangaron, Xoja Ahror kabi oltita darvozasi bo‘lgan. XVIII-XIX asrlar davomida Samarqand bir necha marta harbiy yurishlar va tashqi bosqinlarga duch keldi. Bu bosqinlar shaharning siyosiy barqarorligiga, iqtisodiy rivojiga va demografik tarkibiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida ma’lum bir to‘siqlar yuzaga keltirgan.
Shu bilan birga, Samarqand o‘zining tarixiy barqarorligi va madaniy salohiyati tufayli bu og‘ir sinovlarni yengib o‘tib, o‘z mavqeini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan. Xususan, 1723-1730 yillarda jung‘orlar bosqini Samarqandda keng miqyosda vayronalar va katta talafotlarga sabab bo‘ldi. Bu bosqin shaharning iqtisodiy salohiyatini keskin zaiflashtirib, aholi sonining qisqarishi va demografik tartibning buzilishiga olib keldi. Natijada, Samarqandning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan bu davr mamlakat tarixida og‘ir kunlar sifatida qoldi. 1740-1747 yillar orasida Samarqand Eron hukmdori Nodirshoh Afshor hukmronligiga tobe bo‘ldi. Bu davrda shahar siyosiy jihatdan Eron ta’siri ostida bo‘lgan bo‘lsa-da, uning siyosiy-iqtisodiy, madaniy hayoti to‘liq so‘nmagan. Aksincha, tarixiy tajriba va mahalliy an’analar ta’sirida Samarqandda ma’naviy hayot muayyan darajada saqlanib qoldi.
1868 yili Samarqand Rossiya imperiyasi qo‘shinlari tomonidan istilo qilindi va Zarafshon okrugi tarkibiga qo‘shildi. 1886 yili mazkur okrug rasman Samarqand viloyati deb qayta tashkil etildi va shahar uning ma’muriy hamda savdo markaziga aylandi. Bu davrda shaharning shaharsozlik va infratuzilmaviy tizimida yangi bosqich boshlandi: zamonaviy tipdagi binolar qurila boshlandi, sanoat korxonalari barpo etildi va shahar tartibli ravnaq yo‘liga tushdi. 1917 yil 5 dekabr kuni Oktyabr inqilobining ta’sirida Samarqandda hokimiyat sovet hokimiyati qo‘liga o‘tdi. Oradan ko‘p o‘tmay 1918 yil 11 aprelda Samarqandda sho‘rolarning viloyat s’yezdi bo‘lib o‘tdi va unda Turkiston Muxtor Respublikasini tuzish haqida qaror qabul qilindi. Bu voqea mintaqada yangi siyosiy tuzilmaning shakllanishida muhim qadam bo‘ldi.
1925 yildan 1930 yilga qadar Samarqand O‘zbekiston ASSRning poytaxti vazifasini bajardi. Bu davrda shahar ma’muriy, ilmiy va madaniy markaz sifatida keng rivojlandi, yangi ta’lim muassasalari, ilmiy muassasalar hamda madaniy muassasalar faoliyati kuchaytirildi. 1991 yili O‘zbekiston Respublikasi mustamlakachilik siyosati asoratlaridan xalos bo‘lib, mustaqillikka erishgach, Samarqand mamlakatning yirik tarixi-madaniy markazlaridan biri sifatida yanada ulkan ahamiyat kasb eta boshladi. U o‘zining boy ilmiy, ma’naviy va madaniy merosi orqali milliy o‘zlikni tiklash va mamlakatning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishda muhim o‘rin egalladi. Olim A.I.Terenojkin 1945–1948 yillarda olib borgan arxeologik tadqiqotlariga tayanilgan holda Samarqandning 2500 yillik tarixga ega ekanligini ilmiy asosda belgilagan. Shu asosda 1970 yilda shaharning 2500 yillik yubileyi keng nishonlandi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, arxeologik qazishmalar va ilmiy tadqiqot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro hamkorlik rivojlantirildi. Jumladan, fransiyalik mashhur sharqshunoslar va arxeologlar - Pol Bernar va Frans Grene hamda o‘zbekistonlik taniqli olimlar - professor M.Isomiddinov, A.Anorboyev va tadqiqotchi A.Otaxo‘jayevlar bilan hamkorlikda keng qamrovli arxeologik ishlar amalga oshirildi. Bu tadqiqotlar natijasida Afrosiyob tepaligida joylashgan eng quyi madaniy qatlamlar o‘rganilib, miloddan avvalgi IX–VII asrlarga oid arxeologik artefaktlar aniqlandi. Afrosiyobdan topilgan ushbu ashyolar Fransiyada radiokarbon tadqiqot usuli yordamida tahlil qilindi va ularning yoshi taxminan miloddan avvalgi VIII asrga, ya’ni 2750 yil oldinga tegishli ekani ilmiy jihatdan tasdiqlandi.
Samarqand tarixan Markaziy Osiyoning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. Uning Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgani shaharning savdo-iqtisodiy va hunarmandchilik salohiyatining yuksalishiga katta turtki bergan. Samarqandda qadimdan shoyi to‘qish, mashhur Samarqand qog‘ozi ishlab chiqarish, kulolchilik, temirchilik, novvoylik, qandolatchilik, badiiy kashtachilik kabi hunarmandchilik sohalari taraqqiy etgan. Bu hunar turlari shahar mahallalarining nomlarida ham o‘z aksini topgan, masalan, “So‘zangaron” (igna tayyorlovchilar), “Kamongaron” (o‘q-yoy yasash ustalari) kabi toponimlar bugungi kungacha saqlanib qolgan. Bu esa Samarqandning moddiy va nomoddiy merosi qanchalik uzoq tarixga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi. Shu bois, o‘rta asrlarda sharq olamida keng tarqalgan va keng ma’noga ega bo‘lgan iboralardan biri, “G‘arbda Rim, Sharqda Samarqand” bu shaharning jahon tamaddunida tutgan o‘ziga xos va betakror o‘rnini ifodalaydi. Samarqand va Rim insoniyat tarixi va madaniyatiga ko‘rsatgan buyuk ta’siri tufayli “Boqiy shaharlar” maqomiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, xalq og‘zaki ijodida saqlanib kelayotgan “Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast”, ya’ni “Samarqand yer yuzining sayqali (jilosi)dir” mazmunidagi ibora ham bu shaharning madaniy va ma’naviy yuksak maqomini ifodalaydi.
Islom HAMDAMOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti.