Samarqand favvoralari aholiga xushnudlik baxsh etmoqda

Tibbiyotchi olimlar, vrach-shifokorlarning ta’kidlashlaricha, favvoralar ro‘parasida o‘tirish, atrofida sayr qilish kishiga huzur va halovat bag‘ishlab, tanada qon aylanishini yaxshilarkan, asab tizimiga orom bag‘ishlarkan.

Dahbed va Registon ko‘chalari chorrahasidagi musiqali favvoraga tez-tez kelib turaman. Yoz mavsumida, ayniqsa, kechki paytlarda bu joy bayramona tus oladi. Bu yerga qadam ranjida qilgan kishi  sirli va sehrli olamga kirib qolgandek sezadi o‘zini. Shaffof suvning nafis o‘yinlari diqqatingizni o‘ziga tortadi. Raqsga monand taralayotgan ajib mumtoz ashulalar, Samarqandni madh etuvchi boqiy qo‘shiqlar dilingizga xushnudlik bag‘ishlaydi. Mayin shabbodalar epkini salqin tortib, yuzingizni silaydi. Jilolanayotgan nurlar, rang-barang chiroqlar sehri sizni orzular osmoniga parvozga chorlaydi.

Kamalak jilosiga mahliyo bo‘lib, beixtiyor taronalarga  jo‘r bo‘lasiz. Bu qo‘shiqlar allaqachonlar xalqimizning diliga jo bo‘lib ketgan. Shu boisdan uni butun vujudingiz bilan tinglaysiz. “Jon Samarqand, jon Samarqand, jonon Samarqand!” Sizga yaxshi tanish xonanda – O‘zbekiston xalq artisti Abdurashid Ergashev mahorat bilan ijro etgan tarona bu. Uzoq yillardan buyon Samarqandning madhiyasi yanglig‘ yangrab kelayotgan mazkur qo‘shiqni Zarafshon vohasida maroq bilan eshitmagan, undan faxr tuymagan kishi bo‘lmasa kerak.

Favvoraga eng ko‘p talpinadiganlar, bu – jajjilarimiz. Undan eng ko‘p zavq oladiganlar ham bolalar. Yoshligimda ilk bor Toshkentga borganim, Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatri ro‘parasidagi favvorani tomosha qilganim murg‘ak tasavvurimda bir umrga mixlanib qolgan. O‘shanda favvora oldidan sira ketgim kelmagan. Favvoraning mo‘’jizaviy sehri bolalarga xos tasavvurimga sig‘magan. Hozir ham Samarqandda kech tushayotgan bir pallada favvora yonida turib razm solaman. Bu yerga jamuljam bo‘lgan jajjilar quvonchining cheki yo‘q. Shodon qiyqiriqlar, bolalarga xos jo‘shqinlik, mo‘’jizalar olamidagi kabi beqiyos hayrat. Favvora yonida 2-3 nafar kichkintoy  raqsga tushmoqda, kuyga monand, ohangga mos. Atrofdagilar havas bilan, zavq bilan boqishayotganidan ular bexabar, mitti yuraklaridagi quvonch dunyoga sig‘maydi. Bolaga aylanib qolging keladi shunday paytlarda.

Ko‘ksaroy maydoni. Tarixiy va tabarruk joy. Moziyning guvohlik berishicha, Sohibqiron Amir Temur davlatga poytaxt, qarorgoh tanlashda bu joyning salqin va xushhavo tabiatini hisobga olgan. Bu yerda Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroy deb nomlangan ikkita qasr qurdirgan. To‘rt qavatli Ko‘ksaroy haqiqatan ko‘rkamlikda tengsiz bo‘lgani aytiladi. Darhaqiqat, bizning zamonamizga kelib Ko‘ksaroy maydoni yangicha qiyofa kasb etdi. Bugungi kunda ko‘pgina viloyat tashkilotlari shu maydonda joylashgan. Bu yerda barpo qilingan bog‘ va uning o‘rtasida uch qismdan iborat ulkan favvora mavjud. Bu favvoralar bog‘ga alohida ko‘rk bag‘ishlab turadi. Agar bu yerdagi favvoralar va uning atrofini kuzatsangiz qalbingiz ajib hissiyotlarga oshno bo‘ladi. Favvoralar atrofidagi bog‘ning o‘ziga xosligi, turfa xil gullar sizga unutilmas taassurotlar ato etadi. Maydon o‘rtasidagi ulkan favvoradagi manzaralar almashinuvi, uning salohiyati oldida beixtiyor maftun bo‘lasiz, o‘zgacha izdihomga tushasiz. Uning yonidagi ikkita aylana shaklidagi favvoralar birgalikda nafislikka limmo-lim asarga aylangandek tuyuladi. Yoz paytlarida, ayniqsa kechki damlarda samarqandliklar va mehmonlar bu joyga oshiqib keladilar.

Maydon bo‘ylab Samarqand davlat chet tillar instituti  tomon yursangiz ulkan uch egizak favvoraga duch kelasiz. Bu favvoraning atrofidagi o‘rindiqlar hamisha band bo‘ladi. Daraxtlar ostidagi yam-yashil maydonchalar yoqalab yo‘laklardan sayr qilgan kishining bahri-dili ochiladi. Yaqin do‘stingiz, sevimli kishingiz bilan bu bog‘da o‘tgan suhbatingiz, dil rozingiz yuraklarni payvand etadi, mazmunli va maroqli kechadi.

Viloyat musiqali drama teatri old maydonidagi favvora ham samarqandliklarning eng sevimli manzilgohlaridan biriga aylangan. Maydon o‘rtasidagi  favvoraning salobati cho‘ng. Bu favvoradan Registon tomon pastlatib uchta havza va ularning o‘rtasida favvoralar qurilgan. G´yoki tepada ona, yonida uch nafar suluv qizi tizilishib, soch tarayotgandek ertakmonand manzara namoyon bo‘ladi ko‘z o‘ngingizda. Favvora gir-atrofidagi daraxtlar nafaqat chiroy beradi, balki salqinlik, mo‘’tadillik, toza havo bag‘ishlaydi. Bu yerda  favvoraning go‘zalligini tomosha qilish bilan cheklanib qolmaysiz. Bir tomonda buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temurning haykali, Ruhobod maqbarasi, Amir Temur maqbarasining niliy gumbazlari, ulkan qomatli “Afrosiyob” mehmonxonasi yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. Favvoraning bir tomonida Samarqandning tabarruk ziyo maskani viloyat musiqali drama teatri nigohingizni tortadi. 

Havzalar va favvarolarni aylanarkansiz, maskan jozibasini yanada to‘laroq his qilasiz. Birinchi havza nisbatan kichikroq bo‘lsa-da shakliga ko‘ra o‘xshashi yo‘q, ajoyib geometrik manzaraga ega. Ikkinchisi yanada boshqacha, uchinchisi undan-da, bo‘lakcha - uchburchaksimon. Bir-biriga o‘xshamaydi. Havzalar zina usulida barpo etilgan. Havzadagi suvlarning zilolligi, tiniqligidan osti, girdidagi  toshlar mozaikasi  yaqqol ko‘rinib turadi. Birinchisidan ikkinchisiga, ikkinchisidan uchinchisiga o‘tish joyidagi sharshara shubhasiz bir muddat sizni o‘ziga jalb qiladi, favvoradan olayotgan zavqingizga yana zavq qo‘shadi. Havzalar atrofidagi turfa xil chiroqlar tunda ham bu joyni charog‘on aylaydi. Favvoralar maydonining qo‘yida o‘n tup azim chinor ko‘kka buy chuzib turibdi. Umriboqiy bu daraxtlarda favvoralar ulashayotgan masrurlik va viqorni sezgandek bo‘lasiz. Havzalar bilan Registon ko‘chasi oralig‘idagi archa va chinorlar osti yam-yashil. Nazarimda, bu joy  nisbatan ancha salqin. Yozning jazirama kunlarida bu yerga tangadek oftob tushmaydi.

Amir Temur maydonidagi favvoralar qurilish me’morchiligi, jozibasi bilan boshqalaridan qisman farq qiladi. Bu favvoralarda ham kishini hayratga soladigan tomonlar ko‘p. Biroq eng xarakterlisi shuki, bu favvoralar viloyat musiqali drama teatri old maydonidagi hamda  Dahbed va Registon ko‘chalari chorrahasidagi musiqali  favvoralar bilan birgalikda o‘ziga xos favvoralar ansamblini tashkil qiladi. Bu ansambl berayotgan zavq-shavq, quvonch va shodliklar tuyg‘usi qiyosini, ta’rifu tavsifini topish qiyin.

Sohibqiron haykali bilan boshlanadigan Universitet xiyoboni Samarqandning soya-salqin, xushmanzara manzillaridan biri. Bu joyni yoshlar, talabalar xiyoboni, deb ham atash  mumkin. Chunki xiyobon asosan, talabalar bilan gavjum bo‘ladi. Saratonning jazirama kunlarida bu yerda harorat tafti nisbatan birmuncha past. O‘ziga xos mo‘’tadillik sizga huzur bag‘ishlab turadi. Ayniqsa, xiyobon o‘rtasidagi favvora talabalarning sevimli joyiga aylangan.

Qadimiy kent Samarqand bugungi kunda favvoralar shahriga  aylanib ulgurdi, desak yanglishmaymiz. Samarqand temiryo‘l vokzali maydoni, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali o‘rnatilgan maydon, «Shoirlar bog‘i»dagi favvoralar ham ko‘pchilikning sevimli, orom oladigan, hordiq chiqaradigan maskanlariga aylangan. Bu joylardagi favvoralar atrofida ham xalqimizning xushnudligini, mamnunlik va  shukronaligini ko‘rasiz. Quvonarlisi, endilikda viloyatdagi barcha shahar va tumanlarda  Samarqand shahridagidek favvoralar barpo qilinmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda viloyatda 60 ga yaqin favvora mavjud ekan.

Tinch-osoyishta yurtga bayramlar yarashadi, deganlaridek keyingi yillarda mamlakatimizda “Favvoralar sayli” o‘tkazish odat tusiga kirgani ayni muddao bo‘ldi. Samarqandda ham bu qiziqarli marosim keng quloch yozmoqda. Sayil kuni favvoralar atrofida turli xil tadbirlar, intellektual bellashuvlar, tanlovlar, sport musobaqalari, ko‘rgazmalar tashkil qilinayotgani ibratli hodisa. Unda san’atkorlar, shoirlar va yozuvchilar, ziyolilar ishtirok etishib, bayram shukuhini yanada ko‘tarishadi. Bu esa o‘z navbatida favvoralar berayotgan go‘zallik va zavqqa yangicha mazmun va mohiyat bag‘ishlaydi.

Amrillo AHMEDOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.