Samarqand Fransiyaning “Gala Magazine” jurnalidan joy oldi
Joriy yilning 23 iyun kuni mashhur «Gala Magazine» fransuz jurnalining tasvirga olish guruhi Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashrifdan maqsad Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarini suratga olishdir. Loyiha koordinatori F.Dotyuy ma’lumotiga ko‘ra, shu yilning sentyabr oyida «Gala Magazine» jurnalining mamlakatimiz haqidagi maxsus raqami chiqariladi. Har bir sahifa fonida Samarqand va Buxoroning diqqatga sazovor joylari suratlari tasvirlanadi. Shuni ta’kidlash lozimki, jurnalning umumiy sahifalar soni 100 dan ortiq bo‘lib, uning 40 beti o‘zbek xalqining tarixiy-me’moriy meroslariga bag‘ishlanadi.
Malumot uchun:
♦«Gala Magazine»jurnali – Fransiyaning moda va san’atga bag‘ishlangan eng nufuzli nashri. Yiliga 4 marta bosma va elektron versiyada chop etiladi. Jurnal o‘quvchilari soni 13 milliondan ortiq. Bosma nashrning tiraji 200 ming nusxani tashkil etadi.