Samarqand-Futszyan forumi: Iqtisodiy, turizm va madaniy hamkorlik yangi bosqichda

Samarqand shahridagi "Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazida Samarqand-Futszyan iqtisodiy va savdo hamkorlik hamda "Musaffo Futszyan" madaniy, turizm forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, Samarqand va Futszyan provinsiyasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Forum ishida viloyat hokimligi, iqtisodiyot, savdo, turizm, madaniyat va madaniy meros sohalari mas’ullari, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining Futszyan provinsiyasi ishbilarmonlari ishtirok etdi.
Forum ochilishida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyozov, Xitoy Xalq Respublikasi Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun so‘zga chiqib, hamkorlik yo‘nalishlari, jumladan, tovar aylanmasi, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish va madaniy almashinuvni kuchaytirish masalalari haqida so‘z yuritdi.
- Samarqand Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan bo‘lib, uch ming yillik tarixga ega, - deydi A.Boboyev. - Ko‘hna kent nafaqat madaniy va turizm salohiyatiga, balki savdo-iqtisodiy hamda sanoat jihatidan ham har tomonlama strategik hudud. Jumladan, hududlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan savdo-iqtisodiy aloqalar natijasida oxirgi uch yilda Samarqand va Xitoy hududlari o‘rtasida tovar aylanmasi uch baravarga oshdi. Ya’ni, bu ko‘rsatkich o‘tgan yil yakuni bilan 554,4 million dollarni tashkil etdi. Shundan eksport 121 million dollar, import 433 million dollar. Xitoydan Samarqandga kiritilgan investitsiyalar esa to‘rt baravarga oshib, 354 million dollarni tashkil qildi.
Hozirgi kunda Samarqandda 140 dan ortiq Xitoy kompaniyalari faoliyat yuritmoqda. Biz ushbu kompaniyalar sonini oshirish va yangi sarmoyalarni jalb qilishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Jumladan, Futszyan provinsiyasi mashinasozlik va uning ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishda yetakchi. Ushbu yo‘nalishda Samarqandda ham "MAN", "ISUZU" kabi yirik korxonalar faoliyat yuritmoqda. Bu sohada avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyiha amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Tadbir davomida ikki hududning turizm, madaniyat, transport, qishloq xo‘jaligi, investitsiyaviy, ishlab chiqarish va sanoat sohalaridagi salohiyati namoyish etilib, hamkorlik yanada rivojlantirish taklif etildi. Xitoy Xalq Respublikasi Futszyan provinsiyasi gubernatori Chjao Lun ham ushbu yo‘nalishlarda istiqbolli va manfaatli loyihalarni qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.
Forum doirasida B2B va G2B uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlikni mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qator kelishuv hamda memorandumlar imzolandi.
Mehmonlar Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilib, "Ipak yo‘li" xalqaro turizm markazi hamda "Boqiy shahar" majmuasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Samarqandning boy tarixi va madaniy merosi Futszyan delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.