“Samarqand-Kattaqo‘rg‘on” yo‘nalishida qatnovchi haydovchi profilaktika katta inspektorini avtomashinasida urib yuborgan
Joriy yilning 1 sentyabr kuni soat 23:00 larda Past Darg‘om tumani Olti qahramon mahallasi hududidan o‘tgan 4R-46 avtomobil yo‘lining 33-kilometrida Past Darg‘om tumani Qora suv mahallasida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan haydovchi U.T. “Samarqand-Kattaqo‘rg‘on” yo‘nalishida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashinasini spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda boshqarib kelib, avtomobil yo‘lining o‘ng tomon chetida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan, 1989 yilda tug‘ilgan profilaktika katta inspektori, katta leytenant R.Boqiyev, fuqarolar 2001 yilda tug‘ilgan M. va 1993 yilda tug‘ilgan L.larni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Oqibatda R.Boqiyev, M. va L.lar tan jarohati olib, tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, R.Boqiyev shifoxonada vafot etgan.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati va shaxsiy tarkibi Past Darg‘om tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi tayanch punktlari profilaktika katta inspektori, katta leytenant Boqiyev Ravshan Oribjonovichning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlariga ta’ziya izhor etadi.