Samarqand madrasalarining vaqf hujjatlari qayerda?

Vaqflar dastlab VII-VIII asrlarda Arab xalifaligida paydo bo‘lib, XII asrdan butun musulmon mamlakatlariga yoyilgan. “Vaqf” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, “to‘xtatib turish”, “ushlab turish” ma’no­larini bildiradi. Vaqf mulklari hukmdorlar yoki xususiy shaxslar tomonidan sovg‘a qilish, ma’lum jamoa tomonidan masjidlar uchun ehson qilish va sotib olish yo‘llari bilan shakllantirilgan.

O‘zbekiston hududida hukmronlik qilgan barcha musulmon sulolalari davrida vaqf xo‘jaligi yuritilgan. Vaqf mulklari yer, tegirmon, do‘kon, karvonsaroy, hammom va boshqa shakllarda bo‘lgan. XV asrda hozirgi Registon ansamblidagi Tillakori madrasasi o‘rnida mavjud bo‘lgan Mirzoi karvonsaroyi va Mirzoi hammomi Ulug‘bek madrasasi uchun vaqf qilib berilganligi manbalardan ma’lum. Mustamlakagacha o‘lkada ta’lim muassasalari, ayniqsa, madrasalar moddiy ta’minoti do‘kon, karvonsaroy, ombor, bog‘ uchastkalari va boshqa daromadlardan keladi­gan vaqf mulklari hisobidan amalga oshirilgan. Vaqf daromadlari madrasa va mas­jid binolarini ta’mirlash, bu yerda tahsil olayotgan toliblarga hamda xodimlarga sarflash, ular qoshida maktablar ochish uchun sarflangan.

O‘rta Osiyo Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, asrlar davomida shakllangan vaqf xo‘jaligi tizimi zarbaga uchradi. Rus ma’murlari bungacha istilo etilgan Qrim xonligida shunday tizimga duch kelgan edi. Samarqand istilosidan bir necha kun o‘tiboq soliqlardan ozod etilgan yer-mulklarni aniqlash uchun “hududdagi xususiy va vaqf yerlari haqida to‘liq va aniq ma’lumotlar yig‘ish, ularning ro‘yxatini shakllantirish” topshirig‘i berilgan edi. Keyinroq 1869-1870 yillar davomida Zarafshon okrugi bosh­li­g‘ining topshirig‘iga ko‘ra A.Kun tomonidan mutavvalilar qo‘lidagi deyarli barcha vaqf hujjatlari to‘planadi va ularda ko‘rsatilgan mulklar ro‘yxatga olinadi. Uning vafotidan keyin esa hujjatlar nom-nishonsiz g‘oyib bo‘ladi. Faqatgina Shayboniyxon madrasasining kitob shaklda tikil­gan vaqf hujjati Rossiyadagi Osiyo muzeyi saqlanmoqda.

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi jamg‘armalarida Samarqand vaqflariga doir hujjatlar saqlanadi. Ularga ko‘ra, Samarqand vaqflariga tegishli hujjatlarning bir qismi V.Vyatkin kolleksiyasidan joy olgan. Olimning vafotidan so‘ng ushbu kolleksiya dastlab 1933 yilning boshida O‘zbekiston Davlat Xalq kutubxonasiga topshi­rilib, 1943 yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik insti­tutiga o‘tkaziladi.

A.Kun tomonidan yig‘ilgan va taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand bo‘limida 142 ta vaqf mulki bo‘lib, ular 59.991 tanob yer, 210 ta do‘kon, 7 ta tegirmon, 4 ta juvozxona, 7 ta karvonsaroydan iborat edi. Kattaqo‘rg‘on bo‘limida 14.683 tanob yerni tashkil etgan. Yig‘ilgan vaqf hujjatlari yuqorida ta’kidlanganidek egalariga qaytarilmagan.

A.Kun tomonidan tayyorlangan ro‘yxatga 17 ta madrasa va 44 ta masjidga tegishli vaqf mulklari kiritilgan. Madrasalar ichida Sherdor va Tillakori eng ko‘p vaqflarga ega edi. Ushbu vaqflar 11.610 tanob yer va 8 ta do‘konni o‘z ichiga olgan bo‘lib, yiliga 38 ming tanga foyda keltirgan. Qolgan 16 ta madrasa uchun 382 ta do‘kon, 4 dan bir qismi karvonsaroy, 8 dan bir qismi tegirmon, 2 tim, 160 ta hunarmandlar rastalari, 2 ta bozor qatori, 13.383 tanob yerga egalik qilgan. Ushbu mulklar yiliga 31.203 tanga daromad keltirgan.

1873 yilda Zarafshon okrugi boshlig‘ining buyrug‘iga ko‘ra, hududdagi barcha vaqf mulklarini kimoshdi savdosi orqali ijaraga berish, ijaradan tushgan mablag‘larning asosan uchdan ikki qismini davlat g‘aznasiga yuborish lozimligi belgilandi. Shu munosabat bilan barcha mas’ullarga sharqshunos A.Kun ma’lumotlariga asosan tayyorlangan vaqf mulklarining ro‘yxati yuborilgan. Samarqandda ruslar istilosiga qadar mavjud bo‘lgan madrasalarga tegishli vaqf mulklari haqidagi ma’lumotlarni mana shu ro‘yxat orqaligina bilish mumkin.

Ruslar istilosiga qadar yuqoridagi vaqflardan keladigan daromad quyidagicha taqsimlangan: O‘ndan bir qismi mutavalliyga, bir qismi madrasa va tahoratxona ta’miri uchun, bir qismi sartarosh uchun, qolgan qismi ilm beruvchilar, toliblar va boshqa xodimlarga berilgan. 1873 yilda vaqf mulklari uchun ijara shartnomalarining yangidan tuzilishi ayni vaqtda vaqfdan keladigan daromadlar ham harbiy gubernatorlar nazoratiga o‘tganligini anglatar edi. Bu holat o‘z navbatida vaqf hisobidan muhofaza etilgan va ta’mirlab borilgan me’moriy inshootlar qarovsiz qolishiga olib keldi. Oqibatda obidalar tiklab bo‘lmas darajaga tushib qolgan. O‘sha davrdagi madrasalarning aksariyati bugungi kungacha yetib kelmaganligi fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Zarafshon okrugi boshlig‘i etib general-mayor Ivanov tayinlangach, 1878 yilda Samarqand va Kattaqo‘rg‘on bo‘limlari boshliqlariga vaqf daromadlaridan shahar mablag‘lari uchun foiz ushlab qolishni tavsiya etgan 45-sonli yo‘riqnoma yuboriladi. Bo‘lim ma’murlari ushbu ajratilgan mablag‘ evaziga zaruratga qarab vaqf binolarini o‘zlari ta’mir qilishi belgilangan. Ya’ni, vaqfdan keladigan daromadning asosiy qismi shahar xarajatlari uchun ishlatilgan, undan obidalarni ta’mirlash uchun ma’lum mablag‘ ajratilgan. Ajratma 100 rubldan oshmaydigan daromaddan 8, 100-500 rubllik daromaddan 10, 500 rubldan boshlab 15 foiz ajratilgan. 1891-1894 yillarda foizli ajratmalar yana o‘zining yo‘nalishida ishlatilib, vaqf binolari ta’miri tuzilgan smetalar bo‘yicha va maxsus komissiya kuzatuvida amalga oshirilgan.

Ushbu masala 1896 yil 9 yanvarda Samarqand viloyati boshqaruvining umumiy mahkamasida ko‘rib chiqiladi va me’moriy yodgorliklarni ta’mirlash vaqf mablag‘lari hisobiga vaqf xo‘jaligi mudiri-mutavalli qaramog‘ida, lekin uyezd boshlig‘i nazoratida amalga oshirilishi belgilanadi. Shu tariqa obidalarni ta’mirlash ishlariga zarur bo‘lgan mablag‘ ma’muriyat qo‘lida to‘plana boshlaydi. Biroq, rassom va arxitektor S.Dudinning hisobotlariga ko‘ra, garchi 1896 yildan e’tiboran vaqf daromad­lari tegishli yodgorliklar ta’miri uchun yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, ba’zi obidalarni hisobga olmaganda (Shohi Zinda ansambli va mahalliy diniy ulamolar tomonidan nazorat qilinadigan bir necha masjidlar) Samar­qanddagi me’moriy yodgorliklar umuman ta’mirlanmagan va hatto qarov­sizligidan chiqindixonaga aylangan. Ayniqsa, Amir Temur maqbarasidagi masjid, Amir Temur (Bibixonim) jome’ masjidi, Bibixonim maqbarasi, Ashratxona, Childuxtaron kabi obidalar xaroba holiga kelib qolgan edi.

Xullas, hukmronligining dastlabki kunlaridanoq vaqf mulklari haqida ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Biroq, vatanimiz tarixi haqida muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin bo‘lgan vaqf hujjatlari yo‘qolib ketdi. Ushbu vaqf hujjatlari madrasalar haqidagi to‘liq ma’lumotlarni, xususan, joylashgan joyi, maydoni, mudarris va o‘quvchilar soni, xodimlar soni, hujralar soni va holati, qurilgan vaqtini qamrab olganligini hisobga olsak, yo‘qotilgan ma’lumotlar ko‘lamini anglash qiyin emas.

Maxmudxon Yunusov,

muzeyshunos.