Samarqand maktablari SamDUning 694 nafar bitiruvchisini ish bilan ta’minlash bo‘yicha shartnoma tuzgan
Samarqand davlat universiteti tashabbusi bilan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida universitetni bitirayotgan bakalavr va magistrlarni ish bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim va umumta’lim muassasalariga yuksak bilim va salohiyatga ega kadrlar yetkazishga bag‘ishlangan ZOOM dasturi orqali onlayn videomuloqot bo‘lib o‘tdi.
ZOOM dasturi orqali tashkil etilgan ushbu onlayn videomuloqotda SamDU rektori, professor Rustam Xolmurodov, universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Azizova, shuningdek, universitet fakultetlari dekanlari, viloyat, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlarining kadrlar bo‘limi mutaxassislari ishtirok etdi.
Muloqotda SamDU rektori, professor Rustam Xolmurodov bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishi, ularning mutaxassisligi bo‘yicha yuqori bilim va salohiyatga ega bo‘lishi ustuvor vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi. Oliy ta’limni bitirayotgan kadrlarning chuqur bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi sohalar rivoji, jumladan, quyi ta’lim tizimida zamonaviy bilimga ega, barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim omili ekanligini qayd etdi.
— Bugun universitetimizni bitirayotgan har bir bakalavr, magistrning keyingi mehnat faoliyati xususida qat’iy rejalar belgilab, viloyatning tuman va shaharlaridagi mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoji alohida inobatga olinmoqda, — dedi Rustam Xolmurodov. — Ayni paytda bitiruvchilarimizning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilim, tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lishi sohalarda kadrlar sifat tarkibini yanada oshiradi. Negaki, soha rivoji salohiyatli kadrga bog‘liq. Maktabgacha ta’lim va umumta’lim maktablarining yuksak salohiyatli kadrlar bilan ta’minlanishi OTMga ham haqiqiy bilimli o‘quvchilar qabul qilinishi, umuman, ta’lim sifati va samaradorligining ortib borishiga xizmat qiladi.
— Bitiruvchilarimizni doimiy yashash joylariga ko‘ra, respublika, viloyat va tuman-shaharlar kesimida tahlil qildik, — dedi universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ahmadjon Soliyev. — Joriy o‘quv yilida 15 ta mutaxassislik bo‘yicha SamDUni bitirayotgan 1917 nafar bakalavr va magistrlarning 85 foizi, aniqrog‘i 1812 nafari samarqandlik yoshlardir. Ushbu mutaxassislarimizning ehtiyojga ko‘ra, o‘zi tug‘ilib o‘sgan tuman yoki shahardagi muassasa va tashkilotlar hamda davlat idoralarida mehnat faoliyatini olib borishi, birinchi navbatda, hududlarda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojning sezilarli darajada kamayishiga olib keladi. Shu bois viloyat xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim boshqarmalari bilan doimiy hamkorlikda ish olib borish aksariyat bitiruvchilarimizning o‘z o‘rnida ish bilan bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Videomuloqot davomida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Azizova ham bu boradagi taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi.
— Viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarning asosiy qismini Samarqand davlat universitetini bitirgan kadrlar tashkil qiladi, — dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad Usmonov. — Albatta, boshqarmamiz va universitet o‘rtasidagi hamkorlik sabab malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojimiz yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Kelgusida ushbu hamkorlik mustahkamlanishi xalq ta’limi tizimida oliy ma’lumotli va tajribali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj kamayib borishiga zamin yaratadi.
Ta’kidlash joizki, ayni paytga qadar viloyat umumta’lim muassasalarida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojga muvofiq, Samarqand davlat universitetining 694 nafar bitiruvchisini ish bilan ta’minlash bo‘yicha shartnoma tuzildi. Eng muhimi, ushbu bitiruvchilar ishga qabul qilingach, viloyatning eng chekka hududlaridagi umumta’lim muassasalarida oliy ma’lumotga ega yosh kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj qanoatlantiriladi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.