Samarqand - olam tojidagi olmos

(Dostondan parcha)
Samarqand shahrining 25 yilligiga bag‘ishlayman

Bismillohu rahmonu rohiym - dilo,
Ko‘hna Sharq tarixiy, mangu manzilo!

Zamin mehvariga tutashgan shahar,
Sayqali zamin, deb, ko‘ksin ko‘tarar.

Assalomu alaykum, der, yer-u samoga,
Hamda nim tabassum qilar dunyoga.

Men tomonga boqib bir imo qilar,
Duo-la, shu elat tinchligin tilar.

Qayda, der, shundayin zarif shahar bor?
Uning ta’rifini etmog‘ing darkor!

Assalomu alaykum, deyman entikib,
Uning jamoliga ko‘zimni tikib.

Ta’zimlar qilaman, gulgun chaman deb,
Shundayin shaharda yashayapman deb.

Ham qalam olaman yurt deb, Xudo deb,
Ajdodlarga monand... Yo, bismillo! deb.

Nuri hidoyatin yog‘dirib ko‘kdan,
Ko‘nglimiz nurafshon etsin Yaratgan!

Va mening dilimga tutashsin navo,
Hamda shundayin baxt aylasin ravo.

Men uchun bu so‘zlar dildagi rozdir,
Hamda qalb-qalami bitgan bayozdir.

Barchasi yaratgan istagi bilan,
Hamda avliyolar tilagi bilan.

Ne bo‘lsa, yurtga bir in’om etayin,
Mehru muhabbatim shoyon etayin.

Hislarim tuhfa deb ham yer shariga,
Yozayin hayotim sardaftariga.

Bu asar taftimga bo‘lolsin guvoh,
Ilohiy so‘zlar ber, yo Qodir Alloh!

Ham Vatan mehri-la zebu zar bo‘lsin,
Ham sening ishqing-la barobar bo‘lsin.

Ham mening umrimu dardimdan nishon,
Ham ikki dunyomni etsin nurafshon.

Maqsadim yurtimni bundan-da obod

Ko‘rmoqlik, xalqimni aylamoqlik shod!


Ham aziz-avliyo, valilar ishi,

Ham ulug‘ ajdodlar o‘tli o‘tmishi.


Barini hurmat-la bir bor yod etish,

Hamda o‘tganlarning ruhin shod etish.


Yana avlodlarga demoqlik qarang,

Bizning ajdodlarning asli kim ekan?!


Qadriyatlar, asliyatlar kim uchun,

Uni qalbimizga tugmasak bugun?


Ma’rifatga umri baxshida, azim,

Ilmu sohiblarga etmasak ta’zim.


Eslamasak ezgu fazilatlarin,

Qalbga bitolmasak, pok niyatlarin.


Sabru bardosh ila aylagan shior,

Mehnatu halollik yo‘lin ixtiyor.


Ilmu fanga qanday qo‘ygan poydevor,

Va yo haqqa qanday aylagan qaror.


Bizda qurilgan ilk oliy madrasa,

Minglab mudarrislar tutgan dunyoga.


Naq yarim yer sharin fath etib yana,

Aqlu tadbir ila qilib tantana.


Lol qilgan ham asli Shimol va Sharqni,

Dunyo gultojlari bizda emasmi?


Ularga hurmatim beadog‘ manim,

Havasu hayratim beadog‘ manim.


Ularning ortidan bormoqdaman jim,

Ular maqsadiga safarbar umrim.


Ham faxr etmoqlik, shahristonim-la,

Ham uning ta’rifin etmoq jonim-la.


Unga bo‘lgan ishqim nash’ali chindan,

“Samarqand - yer yuzin sayqali” chindan!


***

Sal kam uch ming yillik tarixga ega,

Ilmu fan kalitin tutolgan elga.


Samarqand jannatning qiyosi bo‘lgan,

Olamning tojini olmosi bo‘lgan.


Bul aziz-avliyo zotlar makoni,

Uning har gardiga baxshida jonim.


Undagi har go‘sha va yo har bir jon,

Muborak ertamiz bo‘lishi ayon.

Turon tegrasida charaqlagan nur,
Ko‘rki ko‘kragimga baxsh etur huzur.

Xusnu ta’rifini madh etib yana,
Zavqu sharafila qilib tantana.

Tavsifu tahsinlar etishib bir-bir,
Bu yerlarni degan Movarounnahr!

Unda bo‘y ko‘rsatgan eng oliy niyat,
Olam yuzin ko‘rgan ilk ma’naviyat.

Unda to‘qilgan ilk baxmal, kimhoblar,
Ham unga intilgan fikri noyoblar.

Ne Valilar ko‘zdan yoshin to‘kkanlar,
Tavof qilib, tuprog‘ini o‘pganlar.

Ehtiromlar etib, nazmu bayozlar,
Bunda chiqqan, asl “Sulton qog‘oz”lar.

Moviy gumbaz aqlingizni shoshtirar,
Jilolari ko‘zingiz qamashtirar.

O‘n to‘rt asrki, bag‘riga boshlaydi,
Hazrat(i) Xizr(a.s.) yonimizda yashaydi.

Minoralar isbot etib, el ishin,
So‘zlab berar, Samarqandning o‘tmishin.

Shonu shavkatlari ko‘kka mushtarak,
Dunyoga moziydan beradi darak!

***

Bul shaharning madhin navolar etgan,
Uni Rasululloh (s.a.v.) duolar etgan!

Bir kun (Abul) Ibn Abbos* Hazrati Xizr,
Samarqand ta’rifin etarkan bir-bir.

Deydi: “Alloh yorlaqagan, suyilgan,
Ham ko‘ksiga payg‘ambarlar qo‘yilgan”.

Abul Hina Husniyodek payg‘ambar,
Kamtarinlik va hoksorlikka rahbar.

Bo‘lib elning hayratini lol qilgan,
Jaxolatning mulkini ishg‘ol qilgan.

Deya, Hazrat Xizr(a.s.) boqib uzoqqa,
Shaharni maqtagan Rasululloh(s.a.v.)ga.

Yana bir sahoba Asom ibn Zayd,
Samarqand tarifin bayon etgan payt.

Boshqa bir rivoyat mag‘zidan ogoh,
Etib, degandi der, Risolatpanoh(payg‘.s.a. v.):
*(Hazrati Xizrning laqablari).Abu Xofs Najmiddin Umar An-Nasafiy As-Samarqandiy. Qandiya. Komilxon Kattayev tarjimasi.

“Jayhun daryosidan nari bir shahar,
Uning maqtab, nomin Samarqand derlar.

Ul juda boy, afsonaviy bir chaman,
Uni Xudo har ofatdan saqlagan.

U yerda ko‘p olimu ilm talab,
Tug‘iladi, yurtga keltirib sharaf.

Ham ko‘ksini ulug‘ etib bu shahar,
Joy oladi ne-ne ulug‘ mozorlar”.

Bu shaharning har zarrasi azizdir,
Axir uning vorisi sizu bizdir.

Har lahzada bir daraxtdek niyat ham,
Ulg‘ayadi ildizin tutib mahkam.

Yaxshiliklar bo‘lsin ilmu zafarda,
Olloh o‘zi yarlaqagan shaharda.

Biz atayin uning yaxshi nomlarin,
So‘zlagaymiz sharafu ikromlarin.

Yo‘qsa qancha tarix dardlarin yiqqan,
Hammasidan yorug‘ yuz bilan chiqqan.

Har qadamda to‘qnashgan og‘ir damdan,
Samarqandga ne minorlar tiklangan.

Har muammo bitta yutuq yaratgan
Har yutuqki, inson zotin yayratgan.

Shahrim Aziz avliyolar makoni,
Panohida bo‘lsin doim Xudoning!

Men ham mubham yoki mujmal emasman,
El dardidan dardim afzal demasman.

O‘zgalardan hoksor bilib, o‘zimni-
Ham aytaman, faqat, ona so‘zimni.

Men ham mudom ma’naviyat tomonda,
Ilmlilar azob ko‘rgan zamonda.

Yashayapman qatorlarda bor bo‘lib,
Ko‘z yoshimni yutib, baxtiyor bo‘lib.

Bu zamonlar kimlarni xor etmagan,
Kimlarnidir baxtin bahor etmagan.

Benomusga tutib toju ro‘yoni,
Qoyil qilib qo‘ygan bunga dunyoni.

Lek haq yo‘li Haqdan obod turadi,
Kuni kelib gadolar shod turadi.

O‘n sakkiz ming olamning buyuk Robbim,
Barchasidan o‘zi ogoh turadi.

Adl etadi, kecha-yu bugunini,
Ham yechadi, haqiqat tugunini.

Gullayverar ming yilliklar uzra sha’n,
Avliyolar shahri, azim Samarqand!

Jumagul SUVONOVA.