«Samarqand olmasi» Samarqandga qaytarildi

Samarqand shahridagi Orif Gulxaniy uy-muzeyi jamoasi ko‘p yildan buyon viloyatimizdagi ta’lim dargohlariga «Samarqandni gulga burkaylik! 1+10» aksiyasini o‘tkazib keladi hamda «Har bir o‘quvchi o‘z guliga ega bo‘lsin», degan yosh gulsevarlar harakati doirasida uy-muzeyda parvarishlanayotgan gullar va gul urug‘larini tarqatadi.
Bu yil ham «Bog‘i Gulxaniy» tomonidan ushbu xayrli tashabbus asosida, o‘quv muassasalari, korxona va tashkilotlarga gul va gul urug‘lari tarqatildi.
Jumladan, tadbir doirasida viloyatimizdagi 7 ta tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim dargohlariga 8 ming tup gul va o‘simliklar, 161 mingdan ziyod gul va o‘simlik urug‘lari yetkazib berildi. Bu ko‘chatlar bilan maktablardagi o‘quv xonalarida yashil burchaklar tashkil etildi.
- Yashillik targ‘ibotini kengaytirish maqsadida bog‘dagi navlarni ko‘paytirishga harakat qilyapmiz, - deydi Orif Gulxaniy uy-muzeyi direktori Muqimjon Oripov. – Joriy yil Boysun tumanidan «Samarqand olmasi» va «Sohibi uzum» navini keltirib ekdik. Aslida ushbu navlar Samarqandda mashhur bo‘lgan. Bu uning nomidan ham ma’lum. Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asarida bu nav haqida ma’lumotlar bor. Ushbu olma va uzum navlarini yana o‘z vatani - Samarqandda ko‘paytirishni maqsad qilganmiz.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limlari, «Zarafshon», «Samarkandskiy vestnik» hamda «Ovozi Samarqand» gazetalari tahririyatlari hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan ushbu yashil tadbir aksiyasida shu kungacha «Orif Gulxaniy» bog‘ida parvarish qilingan 600 mingdan ko‘proq gul va o‘simlik ko‘chat hamda urug‘lari tarqatildi.
- Aksiyadan maqsad yoshlar qalbida Vatanga, ona tabiatga muhabbat, mehnatga rag‘batlantirish, o‘zi o‘qiyotgan muassasa va maskanlarni ko‘kalamzorlashtirish hamda gulzorlar barpo etishga havas uyg‘otishdir, - deydi «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari bosh muharriri, senator F.Toshev. – Ular o‘z ta’lim dargohlarida nihollarga g‘amxo‘rlik qiladi, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida ustozlariga yaqin ko‘makchiga aylanadi. Atrofni toza tutish, obodonlashtirish kabi ezgu fazilatlar shakllanadi.
Sulaymon Mardiyev.