Samarqand qishda ham gulga burkanadi
Bugun kuzning oxirgi kuni. Ertaga qish fasli kirib keladi. Sovuq kunlarda ham shahar ko‘chalari gullarga burkanib turishi uchun Samarqand shahri obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan sovuqqa chidamli gul ko‘chatlari o‘tqazilmoqda.
- Qish mavsumi uchun shahar ko‘chalariga yana 3 million tupdan ziyod sovuqqa chidamli gul ko‘chatlari o‘tqazilishi rejalashtirilgan, - deydi boshqarma agronomi Xurshid Ravshanov. - Shu paytga qadar 1 million 90 ta “Viola” gul ko‘chati ekildi. O‘tgan yili ham qish fasli oldidan shahar ko‘chalari va xiyobonlarga ana shunday gul ko‘chatlari o‘tqazilgan edi. Kutilmaganda kelgan anomal sovuq ularga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Imkoni boricha gullarni saqlab qolish choralari ko‘rilgan edi.
Bu qish mavsumida ham gullarga yetadigan talafotlarning oldini olish maqsadida zarur choralar ko‘rilmoqda. Anomal sovuq kuzatilishi mumkin bo‘lsa, bu gullarni plyonka ostiga olish choralari ko‘riladi.