Samarqand qishki Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga ixtisoslashtiriladi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 iyuldagi “2026 yil Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlari (Italiya) da bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida” gi qaroriga ko‘ra, hududlarda qishki Olimpiya va Paralimpiya sport turlari rivojlantiriladi.

Qarorga muvofiq, Samarqand shahri figurali uchish, xokkey, short-trek, kyorling, paraxokkey, parakyorling sport turlariga ixtisoslashtiriladi. Shuningdek, qishki Olimpiya va Paralimpiya sport turlarini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bo‘limlari tashkil etilib, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi Olimpiya va Paralimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Ahror Shamsiyevning ma’lum qilishicha, viloyatda qishki sport turlari bo‘yicha byudjetdan tashqari mablag‘lar va homiylik xayriyalari hisobidan sport bazalari quriladi, mavjudlari qayta ta’mirlanib, sport jihozlari bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, nodavlat sport-ta’lim muassasalari tashkil etilib, faoliyati qo‘llab-quvvatlanadi.

Hozirgi kunda Samarqand shahrida 1850 o‘ringa mo‘ljallangan “Muz saroyi” (“Family park”) faoliyat yuritmoqda. Qishki sport turlarini rivojlantirish maqsadida mahalliy trenerlar hamda Rossiyadan 2 nafar mutaxassis jalb qilindi. Ayni paytda “Muz saroyi”da 200 nafardan ziyod sportchi qishki sport turlari bilan ommaviy tarzda shug‘ullanmoqda.