Samarqand sayqali

Yer yuzining qadim shaharlari jumlasidan bo‘lgan Samarqand ilm va olimlar barakotidan sayqal topgan munavvar va muazzam ma’vodir. Qadimshunoslarning fikricha, qariyb uch ming yillik tarixga ega. Soha olimlari bu aniqlovlarda ko‘lamli ishlar qilishgan. Miloddan avvalgi minginchi yillardayoq Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bog‘lab turuvchi markaz bo‘lganini isbotlashgan. U g‘arbda Vizantiya, janubda Vavilon, Shumer, Hind, sharqda Xuanxe, Yanszi, shimolda Sahroi Nomadlar sivilizatsiyalarini bir-biriga tutashtirib turgan. Aniqrog‘i, Samarqand Sharq sivilizatsiyasi rivojida juda muhim ahamiyat kasb etgan. Qadimiy kitoblar va arxeologik manbalarga ko‘ra, miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda So‘g‘d davlati shakllangani va uning poytaxti Samarqand ekanligi aytilgan.
O‘tmishiga doir manbalar ancha-muncha. Abdulkarim Sam’oniyning “Al-ansob” (VIII–XII asrlar), Abul Abbos Ja’far ibn Muhammad al-Mustag‘fariy al-Mustafiyning “Tavorixi Samarqand” (IX asr), Abu Sa’id Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy (X-XI asrlar), Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy as-Samar¬qandiy “Kitob al-qand fi tarixi Samarqand” (XII asr), Abulfayz Muhammad ibn Abdujamol ibn Abdumalik Haydar as-Samarqandiy “Qandiyai xurd”, Abu Tohirxojaning “Samariya” (IX asr) kabi asarlari shular jumlasidandir. Xolisonillo aytilganda, “Yer yuzining sayqali”, “Nurli shahar”, “Musulmon olamining gav¬hari”, “Jannati firdavs-monand”, deb ulug‘lanishi zamirida ulkan haqiqatlar bor. Bu Allohning inoyati bo‘lib, Samarqand Turon zaminda ilk bor Qur’oni karimning asl nusxalaridan biri (Hazrat Usmon Mushabi) nasib etgan, sahobiylar (Qusam ibn Abbos ( r.a.)ni bag‘riga jo etgan, sayyidlarga (Hasan al–Amir) Movarounnahrda dastavval oshyon bo‘lgan tabarruk diyordir.
Moziy ko‘ksiga bitik bu barakotlar sababidan u islom ma’rifatidan nurlandi. «Iymon keltirganlarni va ilmga berilganlar»ning yer yuzidagi ilm markazi - sayqali bo‘lib nash’u na’mo topdi. Hikmat qal’asiga aylanib, avliyolari, fozillari, olimu ulamolari bilan sharaflandi. Ya’ni, yettinchi asrning ikkinchi yarmida islom fathi sababidan qadimiy madaniyat markazi bo‘lgan diyor islom ilmu urfoni o‘chog‘iga aylandi. Jarayon VII–VIII asrlarda shakllangan bo‘lsa, IX–X asrlarga kelib shariat va tariqat dorulsaltanati darajasiga yetdi.
Samarqand azaldan ilm markazi. Qadimiy manbalarda ta’kidlanishicha, (XII asrdan XIX asrgacha bo‘lgan oraliq davrda Samarqandda 49 ta madrasa faoliyat ko‘rsatgan. Ularning birinchisi Qusamiya madrasasi bo‘lib, Abu Tohirxojaning “Samariya” asarida yozilishicha, Bani Nojiya (hozirgi Shohizinda) hududida joylashgan. Ushbu madrasa saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjar Moziy (1118–1157 yillar) tomonidan qurilgan. Qirq to‘qqizinchisi Xoja Zudmurod mahallasida joylashgan Xoja Zudmurod madrasasi bo‘lib, Muhammad Karim Xalifa ibn Mulla Muhammad Rahim tomonidan milodiy 1854 yilda qurib bitkazilgan. Ular barobarida yana oltita alohida maktablar ham bo‘lgan. Madrasa va maktablarda «Ulumi mudavvana» (ilmlar tartibi) asosida 74 sohada diniy va dunyoviy ta’lim berilgan.
Yurtimizdagi madrasalar haqida e’lon qilingan tadqiqotlarda e’tirof etilishicha, IX-XIII asrlardan e’tiboran islom diniga e’tiqod qiluvchi mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyoda ilk madrasalar tashkil etilgan. Abu Bakr Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarida aytilishicha, ularning birinchisi Buxorodagi “Forjak” madrasasi hisoblanadi. Samarqandda hokim Tamg‘och Bug‘roxon Ibrohim XI asrda qurdirgan madrasa o‘rni Shohizinda sarhadida aniqlangan.
Mamlakatimizga islom kirib kelishi davrida arab o‘lkalarida, shu jumladan, ajam diyorlarida ham hali o‘quv dargohlari yo‘q edi. Ammo islomdan, shariatdan ta’lim beruvchi olim zotlar bor edi. Keyinchalik shart–sharoit talablaridan madrasalar tashkil etilib, mudarrislar ta’lim berishi joriy bo‘ldi.
Quyida Samarqandda faoliyat ko‘rsatgan ilm ustozlari - tabarruk siymolarning davri va ismu shariflarini e’tiboringizga havola etamiz:
Ummaviylar (VIII asr) davrida Turon zaminda (Samarqandda) ilk islom ustozi aynan shu maqsadda kelgan sahobiy Hazrat Qusam ibn Abbos (r.a.), tobe’inlardan Muhammad ibn Xolid ibn Volid Samarqand shahrining birinchi imomi, Muhammad ibn Vosi’ din muallimi bo‘lganlar.
Abbosiylar (VIII-IX asrlar) davrida tab’a tobe’inlardan Xoja Abdu Berun va o‘g‘illari Xoja Muiziddin Abdu Darun, Abu Ali al–Fuzayl ibn Iyoz al–Ma’sud as-Samarqandiy, Abu Ahmad Muso al–Xavosi al-Mutava’vi as-Samarqandiy, Imom Abu Muzohim Sibo‘ ibn Nadr al–Vaziri as- Samarqandiy ustozlik qilishgan.
Tohiriylar va Somoniylar davrida (IX–X asrlar) ulug‘ muhaddis Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ad–Dorimiy as-Samarqandiy (798 – 869 yillar) va shogirdi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al–Buxoriy (810–870 yillar), allomalardan Imom al–Moturidiy (870-944 yillar), Imom Abul Qosim al–Hakim as-Samarqandiy (vafoti 953 yil), Imom Abu Lays as-Samarqandiy (vafoti 983 yil), Abul Fazl Muhammad Balxiy (vafoti 931 yil), Abul Foris (Imom Favoris) Ali Bag‘dodiy as- Samarqandiy (vafoti 953 yil) yetuk ulamolardan bo‘lishgan.
Qoraxoniylar (X–XIII asrlar) davrida Imom Ali as-Sug‘diy (vafoti 1069 yil), Imom Abul Hasan Ali ibn Muhammad al–Pazdaviy (1009–1089 yillar) Abul Mahomid Muhammad bin Abduxoliq bin Abduvahhob al–Kindiy as-Samarqandiy (vafoti 1050 yil), Abul Abbos Ja’far al–Mustag‘firiy (961-1041 yillar), Abu Sa’id Abdurahmon al–Idrisiy (vafoti 1015 yil), Imom Dobusiy, Imom G‘o‘bdiniy, Imom Ustrushoniy, Imom Kosoniy, Imom Abdulaziz Marg‘inoniy, Imom O‘smandiy va Imom Navqadakiy al–Ishtixoniylar ta’lim peshvolari bo‘lishgan.
Qoraxitoy, Xorazmshohlar davridan chingiziylar zamonigacha (XII- XIII asr) ilmu ma’rifat ahli bo‘lganlar: Imom Abu Hafs Umar ibn Muhammad an–Nasafiy as-Samarqandiy (1068-1142 yillar), faqih Abn Nasr Ahmad ad–Daylamiy (vafoti 1163 yil), alloma Burhoniddin al–Marg‘inoniy (1123–1197 yillar), faqih Ma’sud bin Mahmud as- Samarqandiy (XIII-XIV asrlar). Chingizxon – Temuchin va chingiziylar davrida (XIII asr) ilmu fan g‘orat etilgan bir zamon bo‘ldiki, tariximiz ma’rifat xususida sukut etadi.
Amir Temur va temuriylar (XIV-XVI asr) davrida shayxulislom Mavlono Abdumalik, Isomuddin ibn Abdumalik, Xoja Abdulavval, No‘moniddin Xorazmiy, Abuljabbor ibn No‘’mon, Sa’duddin Taftazoniy, Sayyid Sharif Muhammad Jurjoniy, qorilardan Mavlono Qutbiddin, Mavlono Ubayt, Mavlono Faxruddin, Mavlono Darg‘omiy, Mavlono Asadduddin, Sharif Hofiz Husayniy, Mahmud Muhriq al–Xorazmiy, Jamoluddin ahmad al–Xorazmiy, voizlar Mavlono Ahmad ibn Shamsul–aimma, Mavlono Ahmad at–Termiziy, Mavlono Mansur al–Qog‘oniy, faqih Alouddin at–Tabriziy, Muhaddis Shayx Shamsuddin Muhammad al–Jazoir, hofizi tafsir va muhaddis Xoja Muhammad az–Zohidi Buxoriy kabi ahli ilm vakillari turli mamlakalardan jamlanan bo‘lib, ular Ibn Arabshoh ta’kidlaganidek, yetuklik salohiyat bilan o‘z davrining peshvolari edi.
Sulton Mirzo Ulug‘bek davrlarida Samarqandda ilm yanada rivoj topib, poytaxt fanlar saltanatiga aylangan. Bu davrda o‘nlab allomalar, mudarrislar faoliyat ko‘rsatishgan. Mavlono Xavofiy, Qozizoda Rumiy, G‘iyosuddin Jamshid Koshiy, Ali Qushchi, Mavlono Isomiddin, Fayzulloh Abu Lays va hazrat Abdurahmon Jomiy shu mo‘’tabar zotlar jumlasidan edilar.
Suyundik Mustafo NUROTOIY.
(Davomi bor)