Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast

Samarqand sayqali ro‘yi zamin ast,

Jamolingni ko‘rib kim bo‘lmagan mast,

Kim qilich ko‘tarib kelsa qoshingga,

Niyatlari qadar ketavergan past.

 

Necha asrlarkim ne-ne yurtlardan

Tavof aylamakka kelgaylar shoshib.

Bir bor boqmoq uchun sening husningga,

Yuraklar hapriqib, yuraklar toshib,

 

Arslonning o‘ligi ham arslon derlar,

Hamon shuhratingni ko‘tarib ko‘kka,

Tuprog‘ing to‘ldirib yotibdi sherlar,

Tiriklar poyida tusharlar cho‘kka.

 

O, sening yerlaring baxt maydonidir,

Shohlar orzu qilgan taxt maydonidir.

Ojiz, zaiflarga kuch qudrat bergan,

Shiddat maydonidir, shaxt maydonidir.

 

Sohibqiron Temur senga ishonib,

Butun yer yuzini mo‘ljalga oldi.

Alisherning yigit yuragi yonib,

Mangu muhabbating nazmga soldi.

 

Samarqandni sevib, sayragim keldi,

Sha’niga so‘z izlab yayragim keldi.

Sevgim chinligiga yetsa ham ko‘zim,

Uning tasvifiga yetmadi so‘zim...

 

 

 

 

 

 

 

 

TO‘XTAMA, OHUNI QUVLAYoTGAN ShER

 

   Samarqanddagi Sherdor madrasasining peshtoqiga

ohuni quvlayotgan sherning rasmi chizilgan.

 

Bobolar bir sirni bilmay aytmaydi,

Peshtoqlarga oddiy suvrat bitmaydi.

Yo‘lga tushgan mardlar yo‘ldan qaytmaydi,

To‘xtama, ohuni quvlayotgan sher!

 

Berma qo‘rqoqlarga, yarim – yortiga,

Ortidan tushganlar qaytmas ortiga.

Bag‘ringdan vatan ber, qo‘yma yurtiga,

To‘xtama, ohuni quvlayotgan sher!

 

Sen tutmasang bo‘ri tutib oladi,

Yoki bir berahm otib oladi,

Hech qursa changalzor turtib qoladi,

To‘xtama, ohuni quvlayotgan sher!

 

G‘iybatlar jonini so‘rib olmasin,

Ilonlar qo‘yniga kirib olmasin,

Yo‘lida yo‘lsizlar turib qolmasin,

To‘xtama, ohuni quvlayotgan sher!

 

Bu ko‘ngil ishq degan sirga asirdir,

Ohular hamisha sherga asirdir,

O‘zidan kuchliga, zo‘rga asirdir,

To‘xtama, ohuni quvlayotgan sher!

 

Bir nokas bog‘ida gul bo‘lmoq ne naf,

Yoki bir qo‘rqoqqa qul bo‘lmoq ne naf,

Sherning changalida o‘lmoq ham sharaf,

To‘xtama, ohuni quvlayotgan sher!

 

 

 

 

 

BIBIXONIM

 

Ne-ne kurashlarga guvoh Samarqand,

Sen tanho, taxtingda ming shoh, Samarqand.

Aytsang-chi, kimlarda gunoh Samarqand,

Qiynaldi, qiynaldi, qiynaldi jonim,

Keling uxlamaylik, jon Bibixonim!

 

Men olay Ulug‘bek, xun, o‘chingni ber,

Temur bobom o‘tkir qilichingni ber,

Bitta bilakdagi so‘ng kuchingni ber

Bir tun shoh bo‘lmasam sovumas qonim,

Bu tun uxlamaymiz, jon Bibixonim!

 

Yiqilmoq o‘rniga qad ko‘tardingiz,

Asrlarga o‘zni yod ko‘tardingiz,

Nafratmi yo ishqmi, dod ko‘tardingiz,

Ayol- ey, o‘lmagan, tinmagan jonim,

Bu tun uxlamaymiz, jon Bibixonim!

 

Mag‘rurlik sabog‘i qanday bo‘ladi,

Ustangiz bir “sir”ga nelar to‘ladi,

Bir “Zanjirband sher” bor, barin biladi,

Hadsiz savollarga to‘la har yonim,

Bu tun uxlamaymiz, jon Bibixonim!

 

Mangulik minorlar kimning ko‘shkidir,

Nahotki, Temurning buyuk rashkidir,

Nahotki, ayolning tengsiz ishqidir,

Dilingmi, dilimmi qon Bibixonim,

Bu tun uxlamaymiz, jon Bibixonim!

 

 

 

 

 

 

 

 

SAMARQAND

 

Karvonlar kelardi karvon ortidan,

Chinnilar, shohilar ortishib toy-toy.

Bog‘lari jannatdan nusxa ko‘chirgan,

Yegani bol bo‘lgan, tishlagani moy.

 

Tilanmagan hech kim dunyoni, erkni,

Gadolar boy bo‘lgan bu yurtga kelib.

Bog‘bonining qizi malika bo‘lgan,

Cho‘rilar oy bo‘lgan bu yurtga kelib.

 

Ayolin husnidan oy xijolatda,

Aqliga tan bergan shohi, donosi.

Hech qursa xon bo‘lgan tuqqan o‘g‘ili,

Hechsa, donishmandning bo‘lgan onasi.

 

Shohlari mard bo‘lgan, yurt olar bo‘lsa,

Butun yer yuzini olgan mo‘ljalga.

Erlari mard bo‘lgan, gar sevib qolsa,

Ikki shahar bergan bir dona xolga.

 

Dunyoni besh yuz yil o‘qitib yotgan,

Alisher bu yurtga tahsilga kelgan.

Mangulikdan mangu, shunday buyuk zot.

Samarqandni aziz mehrob deb bilgan.

 

Jannat ko‘kartgani kamday tuprog‘i,

Ko‘ksiga mukarram boshlarni olgan.

Jonin bersalar ham o‘zga yurtlarda,

Shohlarning jasadi shunda ko‘milgan.

 

Bu tuproqda metin bardosh bo‘lmasa,

Jahongir Temurni qanday quchardi.

Balki Ulug‘bekning xayoli birlan,

Yulduzlarga tomon qushday uchardi.

 

Bu tuproqda agar bo‘lmasa bir sir,

Xo‘ja Ahror Valiy bosh qo‘yarmidi?,

Bibixonim yig‘lab, ko‘ziga surtib,

Orzularin aytib yosh quyarmidi?

 

Xizr nazar solgan, duo ketgan yurt,

Qo‘shiqqa aylanur har azob, har gard.

Shu yurt deb yashasang, o‘lsang arziydi,

Ikki dunyoda ham bitta Samarqand!

 

                   ***  

Samarqand, xayollar og‘ushidaman,

Kuppa – kunduz hushman, behushman.

Qulog‘imga shivirlar ruhlar,

Goh zil – zambil, goh yengil qushman.

 

Yaralangan ko‘ngilning ipin

Ulug‘bekning ismi tortadi.

To‘lg‘anaman jismimga sig‘may,

Ko‘zlarimning yoshi ortadi.

 

Boburshohning to‘nini kiyib,

Tirik yurar sog‘inch degan dard.

Asrlarning sirli ertagin,

Asrab kelar ko‘hna Samarqand.

 

Temurning zang bosgan qilichi,

Manglayimda osiq turadi.

Qalin tortib ketgan qabrlar,

Yuragimga dodlab kiradi.

 

Ko‘rinmayin yonib yotar cho‘g‘,

Muqaddasdir bunda har qadam.

Bu yo‘llardan bir o‘tib ko‘rgach,

Hayqirmasdan yasholmas odam.

 

Yuragimga quyilar qo‘shiq,

Ezgulikka aylanar har gard.

Ovoz kelar ming- ming qabrdan:

“Buyuksan – ey, ona Samarqand!”